Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasida boʻlib, amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni koʻzdan kechirdi.
Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, stretch plyonkalarning 40 foizi aynan shu korxona hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan boʻlib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqatdan tortib, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyogacha boʻlgan koʻplab sohalar uchun zarur. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga oʻz vaqtida yetkazilishiga bevosita taʼsir qiladi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini taʼminlaydi va ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartiradi.
“Invest Asia” korxonasining yana bir muhim jihati uning mamlakatda bioaksal yoʻnaltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona ekanidir. Bu plyonka turi eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri boʻlib, qattiq va yengilligi bilan ajralib turadi. 2025-yilning oʻn oyida korxonada 1,9 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlangan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.
Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun – notoʻqima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xoʻjaligida keng qoʻllaniladi. Barcha loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, ish oʻrinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Prezident korxona ishchilari bilan muloqot qildi. Kelgusi rejalar bilan tanishdi.
Davlat rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot oʻtkazdi.
Investorlar mamlakatdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda amaliy koʻmak uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, tashrif davomida davlat rahbari Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham ishtirok etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab beradi.








