Isroil Germaniyaga Arrow 3 raketaga qarshi mudofaa tizimining ilk partiyasini yetkazib berdi. U rasman Bundesver inventariga kiritildi. Shu tariqa Berlin ballistik raketalarni Yer atmosferasidan tashqarida tutib olishga qodir tizimning Isroildan so‘ng ikkinchi operatoriga aylandi.
Germaniya ushbu tizimlarni bundan bir necha yil avval imzolangan 4,18 mlrd dollarlik doirasida qabul qilib oldi. Mazkur bitim Isroil tarixidagi eng yirik qurol eksport shartnomasi hisoblanadi. Germaniyaliklar Arrow 3 tizimi mamlakat osmonini rus raketalaridan himoyalashiga umid bildirmoqda.
Arrow 3 Israel Aerospace Industries hamda Qo‘shma Shtatlarning Boeing kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ballistik raketalarni atmosferadan tashqarida urib tushirishga mo‘ljallangan. Ushbu tizimda qo‘llaniladigan raketalar 100 km balandlik hamda 2400 km uzoqlikdagi havo tahdidlarini zararsizlantira oladi.
Nemislar dastlabki tizimni Berlin janubidagi Holzdorf aviabazasiga joylashtirdi. Shu bilan birga, yaqin yillarda mamlakatning shimoli-g‘arbiy va janubiy hududlariga ham tizimlar olib kelinadi. Arrow-3 2026-yilning dastlabki kunlaridan jangovar navbatchilikni boshlaydi.“Germaniya nafaqat Arrow 3, balki yangi avlod Arrow 4 tizimiga ham qiziqish bildirmoqda. Isroil va Germaniya o‘rtasidagi aloqalar chuqur, ba’zan kelishmovchiliklar bo‘lsa-da, hamkorlik davom etadi. Kelgusida yana yirik bitimlar bo‘lishini kutyapmiz”, degan IAI rahbari Boaz Levi.
Germaniya Mudofaa vazirligi tizim NATOning umumiy raketaga qarshi mudofaa tarmog‘iga integratsiya qilinishini tasdiqladi. Arrow 3 Yevropani tashqi tahdidlar, asosan Rossiyaning Oreshnik kabi raketalarida himoyalashi kutilmoqda.
Isroil Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Arrow 3 tizimi Eron bilan 12 kunlik urush davomida muhim rol o‘ynagan. Kompleks eronliklar uchirgan ballistik raketalarga qarshi 86% samaradorlik ko‘rsatgan. Shuningdek, Arrow 3 Yaman hududidan uchirilgan raketalarga qarshi ham qo‘llanilgan.








