Madridning “Real” klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonsoga hali ham to‘liq ishonch bildirayotgani aytilmoqda. Bu haqda Marca nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, “qaymoqranglilar” La Liga peshqadamligini boy bergan bo‘lsa-da, klub ichidagilar ispaniyalik mutaxassisni ishdan bo‘shatish haqida o‘ylamayapti.
Manbaga yozilishicha, “Real” Alonso taqdirini belgilab beradigan aniq o‘yinlar yoki muddatlar belgilamagan. Klub rahbariyati jamoa hali ham kuchli ekanini, shuningdek ko‘plab jarohatlar sabab barqarorlikni saqlash qiyinlashganini yaxshi tushunmoqda. Shunga qaramay, “Olimpiakos” (3:4) va “Jirona” (1:1) kabi jamoalarga qarshi uchrashuvlarida klubning o‘yinida ijobiy o‘sish ko‘ringani ta’kidlanmoqda.
3-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Atletik” (Bilbao)ga qarshi uchrashuv vaziyatni yaxshilash uchun imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda. Biroq bu o‘yin Alonso taqdirini hal qiluvchi uchrashuv bo‘lmaydi, deya qo‘shimcha qiladi manba.
Ma’lumot uchun, ayni paytda “Real” La Liga turnir jadvalida 33 ochko bilan 2-pog‘onani egallab turibdi. “Qirollik klubi” asosiy raqobatchisi “Barselona”dan 4 ochkoga ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kutilmagan natijalar qayd etayotgan “Real Madrid”da ichki vaziyat yanada murakkablashayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Klubga yaqin manbalarning yozishicha, jamoa o‘yinidagi inqirozga birgina murabbiy Xabi Alonso emas, balki yetakchi futbolchilarning o‘zaro moslasha olmayotgani ham sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.








