So‘nggi vaqtlarda kutilmagan natijalar qayd etayotgan “Real Madrid”da ichki vaziyat yanada murakkablashmoqda. Klubga yaqin manbalardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, jamoa o‘yinidagi inqirozga birgina murabbiy Xabi Alonso emas, balki yetakchi futbolchilarning o‘zaro moslasha olmayotgani ham sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
The Athletic nashrining yozishicha, o‘yinlar vaqtida murabbiyning ko‘rsatmalari futbolchilarga yetib bormayotgani, biroq bunga faqat Alonsoni ayblab bo‘lmasligi haqida ma'lumotlar mavjud.
Manbalardan biriga ko‘ra, jamoaning asosiy muammosi bosh murabbiyda emas, balki Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Jud Bellingemning bir-biriga mos bo‘lmagan o‘yin uslubi hisoblanadi. Bundan tashqari bu uchlik bilan jamoada muvozanatni saqlash juda qiyin.
Futbolchilar orasida ham Xabi Alonso borasidagi fikrlar turlicha. Avvalroq murabbiyning individual yondashuvi va prinsiplari asosiy tarkibning katta qismiga ma’qul kelmagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Endilikda ayrim futbolchilar murabbiyning tamoyillariga ishonmayotgani, boshqalar esa joriy vaziyat uchun Alonsodan ayb izlayotgani aytilmoqda.
Madridliklar oxirgi besh uchrashuvning atigi bittasida g‘alaba qozongan. Klubdagi manbalar vaziyatni o‘zgartirish oson bo‘lmasligini tan olishmoqda.
Ma’lumot uchun, “Real Madrid” La Liga 14-turida “Jirona” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Klub 33 ochko bilan turnir jadvalida “Barselona”dan so‘ng 2-o‘rinda bormoqda.








