Ispaniyaning “Real Madrid” klubi tarkibdagi bir qancha futbolchilar atrofida yuzaga kelayotgan muammolar kuchayib borayotgan bir paytda, yaqin kelajakda sotilmaydigan va tegib boʻlmas deb hisoblagan futbolchilarini aniqlab oldi.
Unga ko‘ra, darvozabon Tibo Kurtua hamda Andrey Lunin, shuningdek, Jud Bellingem, Fede Valverde, Arda Guler, Kilian Mbappe va Endrik jamoaning uzoq muddatli yetakchilari hisoblanadi.
Xabarlarga koʻra, Vinisius Junior klub bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralarda yuzaga kelayotgan murakkabliklar tufayli ushbu roʻyxatga kiritilmagan.
Avvalroq “qirollik klubi” yangi xaridlarni amalga oshirish maqsadida tarkibda jiddiy “tozalash” ishlarini olib borishi haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot uchun, “Real” joriy mavsumni sovrinsiz yakunlamoqda. Jamoa Ispaniya Kubogida ikkinchi divizion vakili “Albasete”ga mag‘lub bo‘lgan, La Liga chempionligi uchun kechgan kurashda “Barselona”ga imkoniyatni boy berdi. Chempionlar Ligasida “Bavariya”ga mag‘lub bo‘lib, turnir bilan xayrlashdi.
Unga ko‘ra, jamoa himoyachilari David Alaba va Antonio Ryudiger shartnomasi yakunlangach, erkin agent sifatida klubni tark etishi kutilmoqda. Shuningdek, rahbariyat zaxira o‘yinchilari Daniel Sebalyos va Gonsalo Garsiyani sotish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Jamoa sardori Dani Karvaxalning klubdagi kelajagi esa hozircha noaniqligicha qolmoqda.








