Daryo

Oʻzbekistonda tezyurar poyezdlar ishlab chiqariladi

Jarayon 2027-yilda boshlanishi kutilmoqda. Mamlakatda ishlab chiqarilgan poyezdlar import qilinganga nisbatan kamida 10-15 foiz arzonga tushishi aytilmoqda.

1 daqiqa o‘qish3 052 ko‘rishlar0 izoh14

Oʻzbekistonda tezyurar poyezdlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisining birinchi oʻrinbosari Hikmatulla Rahmatov maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Hikmatulla Rahmatov
Foto: “Oʻzbekiston temir yoʻllari”

2025-yil 27-noyabr kuni Toshkent shahrida Transkaspiy yoʻlagi va oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha forum boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida Hikmatulla Rahmatov jurnalistlarga intervyu berib, temiryoʻl sohasidagi yangi rejalar haqida gapirdi.

“Chet ellik hamkorlar bilan Oʻzbekistonda tezyurar poyezdlar ishlab chiqarish boʻyicha muzokara olib borilyapti. Jarayon yakuniga yetib qoldi, yaqin kunlarda qarori beriladi. Biz tezyurar poyezdlarni dunyoning eng yetakchi davlatlaridan birining kompaniyasi bilan hamkorlikda, Oʻzbekistondagi temiryoʻl zavodimizda ishlab chiqarishni reja qilganmiz. Ishlab chiqarish jarayonini 2027-yilda boshlashni rejalashtirganmiz”, dedi jamiyat masʼuli.

Hikmatulla Rahmatovning aytishicha, Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan tezyurar poyezdlar narxi import qilinayotganlaridan arzonga tushadi.

“Temiryoʻl mutaxassislarimiz dunyoning eng kuchli mutaxassislari desam, adashmayman. Shunday ekan, nega poyezd ishlab chiqarmasligimiz kerak? Jarayon yoʻlga qoʻyilsa, mahalliy mutaxassislar oʻrganishadi, katta ilm olishadi va innovatsiyaga intilishadi. Ertaga biz bu poyezdlarni nafaqat oʻzimizning hududda ishlatamiz, balki butun Markaziy Osiyo, Kavkaz va MDH davlatlariga sotamiz. Chunki xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan bunaqa poyezdlar MDH davlatlari orasida faqatgina Rossiyada ishlab chiqarilyapti. U ham boʻlsa, aynan biz ishlab chiqarmoqchi boʻlgan darajada emas. Biz shu poyezdlarni ishlab chiqarsak, narxlar chet eldan sotib olganga nisbatan kamida 10-15 foizga arzon boʻladi. Qolaversa, ishlab chiqarilganda uning soliqlari Oʻzbekistonda toʻlanadi. Eksport qilinganda mamlakatga valyuta keladi va bir necha ming kishi ishli boʻlib qoladi”, dedi rais oʻrinbosari.

Hikmatulla Rahmatovning taʼkidlashicha, hozirda yiliga 10 ta tezyurar poyezd ishlab chiqarish reja qilingan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar