Daryo

Gʻazo sektorida HAMAS qoʻmondoni yoʻq qilindi — Isroil

HAMAS yahudiy davlatini otashkesim shartlarini buzganlikda aybladi. Netanyaxu esa bu HAMAS jangchisining Isroil nazoratidagi hududga yuborilishiga javob ekanini bildirdi.

1 daqiqa o‘qish1 631 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil 23-noyabr kuni G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujumda HAMAS harakatining mahalliy qo‘mondonlaridan birini yo‘q qildi. Bu haqda yahudiy harbiylari bayonotiga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘ldirilgan shaxs Alaa al-Hadidi hisoblanadi, u HAMASning ishlab chiqarish shtabida ta’minot xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Al-Hadidi G‘azo sektorida o‘tkazilgan operatsiyalardan biri davomida yo‘q qilingan. HAMAS uning o‘limi haqidagi xabarlarga hozircha munosabat bildirmagan. Shu bilan birga, Isroil va falastinlik guruh bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda ayblamoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu zarbalar HAMAS jangchisining Isroil nazoratidagi hududga yuborilishiga javob bo‘lganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida HAMASning besh nafar yuqori martabali a’zosi yo‘q qilingan.

O‘z navbatida, HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari Isroil zarbalari oqibatida kamida 20 nafar falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qildi. HAMAS sulh buzilishida Isroil armiyasini ayblamoqda va AQSHga janglarni qayta boshlashga tayyor ekani haqida ma’lumot yetkazgan.

Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv 10-oktyabr kuni kuchga kirgan. Biroq u bir necha bor buzilgan va tomonlar hujumlarda bir-birini ayblab kelmoqda.

28-oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi sulh kelishuviga qaramay, G‘azoning markaziy qismiga bir necha bor zarba berdi. Havo hujumlari boshlanganidan so‘ng HAMAS rahbariyati sulhga sodiq qolishini bildirdi. Biroz vaqt o‘tib, AQSH prezidenti Donald Tramp bu zarbalar sulhga ta’sir ko‘rsatmasligini aytdi. Shuningdek, u Isroil anklavga zarba berishga “haqli bo‘lganini” va HAMAS “o‘zini munosib tutishi kerakligini” ta’kidladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar