Daryo

Isroil va HAMAS rasmiylari 6-oktyabrda muzokaralar oʻtkazadi

Tomonlar AQSH prezidentining tinchlik rejasini muhokama qiladi. Asosiy e’tibor G‘azodagi isroillik garovga olinganlar evaziga falastinlik mahbuslarni ozod qilishga qaratiladi.

1 daqiqa o‘qish1 215 ko‘rishlar0 izoh0

Misr 6-oktyabr kuni Isroil va HAMAS vakillarini muzokara oʻtkazishga taklif qildi. Bu haqda Qohira Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki bilvosita bo‘lib o‘tadi. Unda tomonlar AQSH prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasini muhokama qiladi. Asosiy masala Gʻazodagi isroillik garovga olinganlar evaziga falastinlik mahbuslarni ozod qilish boʻladi.

Uchrashuv aynan qayerda o‘tkazilishiga aniqlik kiritilmagan. Isroilning Ynet nashri va boshqa bir qator OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u Sharm ash-Shayxda bo‘lib o‘tadi. CNN Arabic telekanali esa Qohirani muzokaralar joyi deb atamoqda. Isroil delegatsiyasiga strategik rejalashtirish vaziri va bosh vazir Binyamin Netanyaxuning ishonchli vakili Ron Dermer boshchilik qilishi mumkin.

Tramp: “HAMAS rejaga rozi bo‘lsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kiradi”

AQSH prezidenti HAMAS Oq uy tomonidan taklif qilingan rejaga roziligini tasdiqlashi bilanoq G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirishini aytdi. Binyamin Netanyaxu HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini diplomatik yoki harbiy vositalar yordamida demilitarizatsiya qilish niyatida.

“Bunga oson yoki qiyin yo‘l bilan erishiladi, ammo bu sodir bo‘ladi”, degan Isroil bosh vaziri.

​

HAMAS harakati agar “almashinuvni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar” yaratilsa, barcha tirik qolgan garovdagilar va halok bo‘lganlarning jasadlarini “prezident Tramp taklif qilgan almashinuv formulasiga muvofiq” Isroilga topshirishga rozi bo‘ldi.

“Harakat ushbu kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun vositachilar orqali zudlik bilan muzokaralarni boshlashga tayyorligini tasdiqlaydi”, deyiladi HAMAS xabarida.

Shuningdek, guruh G‘azo sektorini boshqarishni “Falastin milliy konsensusi hamda arablar va islomni qo‘llab-quvvatlashga asoslangan” mustaqil organga topshirishga roziligini bildirdi. HAMAS rejada ko‘zda tutilgan qurolsizlanish masalasiga to‘xtalmadi. Qatardagi HAMAS yetakchilari AQSH prezidenti tashabbusining ba’zi shartlarini o‘zgartirishni talab qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar