Daryo

Germaniya Isroilga qurol sotish cheklovini olib tashladi

Qaror Gʻazoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi “so‘nggi haftalarda barqarorlashgani” bilan izohlandi. Yahudiy davlati buni olqishlab, Germaniyadan oʻrnak olishga chaqirdi.

1 daqiqa o‘qish1 634 ko‘rishlar0 izoh0

Germaniya hukumati Isroil armiyasi G‘azoda foydalanishi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berishga qo‘yilgan avgustdagi taqiqni bekor qildi. Qaror 24-noyabrdan kuchga kiradi. Bu haqda hukumat vakili Stefan Korneliusga xabar berdi.

Cheklovlarning bekor qilinishi 10-oktyabrdan beri amalda bo‘lgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi “so‘nggi haftalarda barqarorlashgani” bilan izohlandi. Shu bilan birga, Germaniya endi har bir yetkazib berish arizasini ma’qullamaydi, balki “qurol eksportining har bir holatini alohida ko‘rib chiqishga qaytadi va voqealarning keyingi rivojiga javob beradi”.

Kornelius mamlakat mintaqada mustahkam tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini va G‘azo aholisiga infratuzilmani tiklashda yordam berishini ta’kidladi.

  • Isroilning munosabati

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Berlinning qurol yetkazib berishga “qisman embargo”ni bekor qilish qarorini qo‘llab-quvvatladi.

“Men boshqa hukumatlarni ham Germaniya misolida shunga o‘xshash qarorlar qabul qilishga chaqiraman”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

  • Isroilga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlar va ularning tanqidi

2023-yil 7-oktyabrda G‘azo sektorida urush boshlangach, Germaniya hukumati Isroilga HAMAS jangchilariga qarshi kurashda faol yordam berdi. 2025-yil 6-maygacha amalda bo‘lgan Olaf Shols hukumati mamlakatga qariyb 500 million yevrolik qurol yetkazib berdi.

Fridrix Mertsning yangi hukumati davrida ta’minot kichikroq hajmda davom etdi. Germaniya Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyasini tez-tez tanqid qila boshladi va jangovar harakatlar oqibatida yuzaga kelgan gumanitar falokatga ishora qildi.

Merts tomonidan avgust oyida e’lon qilingan embargo Isroil hukumati tomonidan ham, Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) /Xristian-sotsial ittifoqi (XSI) bloki vakillari tomonidan ham tanqid qilindi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shu yo‘l bilan “Germaniya terrorizmni mukofotlayotganini” daʻvo qildi. XDIning xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Roderix Kizevetter esa embargoni “Germaniyaning qo‘pol siyosiy va strategik xatosi” deb atagandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar