Daryo

Isroil va HAMAS sulh bo‘yicha bitta masalada kelisha olmadi

Qatarda tomonlar o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda. Unda gumanitar yordamni yetkazish tartibi va Isroil urushni qayta boshlamasligi uchun AQSHning kafolat berishiga erishilgan

1 daqiqa o‘qish4 998 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil va HAMAS rasmiylari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Bu haqda Qatardagi muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib, Sky News xabar berdi.

Foto: AFP

Muzokaralarda hal qilinmagan yagona masala — G‘azodagi Isroil armiyasining maqomi va hududda qolish muddati. Isroil oldida tanlov turibdi: urushni tugatib, barcha garovdagilarni olib G‘azodan chiqib ketish yoki mintaqani noma’lum muddatga harbiy nazorat ostida saqlab qolish.

Shunga qaramay, tomonlar bir nechta muhim masalalarda kelishuvga erishgan. Bular qatoriga gumanitar yordamni yetkazib berish jarayoni va AQSHning 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tugagach, Isroil urushni qayta boshlamasligiga kafolat berishi kiradi.

Gumanitar yordam masalasida, Isroil armiyasi chiqib ketgan hududlarda HAMAS ham, Isroil ham nazorat qila olmaydigan uchinchi tomon faoliyat yuritadi. Natijada AQSH va Isroil tomonidan boshqariladigan G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (G‘GJ) Isroil harbiylari bo‘lmagan hududlarda ishlay olmaydi. Bu holat G‘GJ faoliyatining kengayishini cheklaydi. Oziq-ovqat va yordam yetkazishda BMT yoki boshqa xalqaro tashkilotlar muhim rol o‘ynaydi.

Isroilning urushdagi asosiy maqsadi — garovdagilarni qaytarishdan tashqari, HAMASni harbiy va siyosiy tashkilot sifatida butunlay yo‘q qilishdir. Shu sababli yahudiy davlati sektordan harbiylarini olib ketishga rozi bo‘lishi noma’lum.

G‘azodagi urush 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS Isroil janubiga hujum qilganidan keyin boshlangan. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumda 1 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan, 251 kishi garovga olingan. Ayni paytda G‘azoda 20 ga yaqin garovdagilar tirik ekani taxmin qilinmoqda. Urush davomida Isroil armiyasi 57 mingdan ortiq falastinlikni o‘ldirgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar