Andijon viloyatida firibgarlik bilan pul olgan hakamlik sudi sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi ikki nafar fuqaroni Janubiy Koreyaga mavsumiy ishchi sifatida yuborishga kelishib, 15 000 AQSH dollari talab qilgan. U ishni tezroq bitirib berish uchun oldindan 4 100 AQSH dollarini “avans” tariqasida olgan.
Ammo bergan va’dasini ustidan chiqa olmagach, muqaddam olgan pul mablag‘idan bir qismini qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (ko‘p miqdorda firibgarlik)va 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi (ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sentyabr oyida DXX Surxondaryo va Andijon viloyatlarida fuqarolardan pora olgan prokuror, sudya yordamchisi va advokatni qo‘lga olgandi. Oktyabr oyida Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi Chust tumanida yashovchi shaxsga 6 sotix yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan bahsli noturar binoga egalik huquqini beruvchi hal qiluv qarorini chiqarib berish evaziga 3200 AQSH dollari olganida ushlangandi.








