Yevropa davlatlari AQSH taklif qilgan Ukraina bo‘yicha 28 bandlik tinchlik rejasining to‘rtta bandini o‘zgartirishni so‘radi. Bu haqda Bild xabar berdi.
AQSHning tinchlik rejasi asosan Rossiyaga yon bosish sifatida baholanmoqda. Chunki unda Qrim, Lugansk va Donetskni de-fakto Rossiya hududlari sifatida tan olish, Ukraina armiyasi sonini 600 ming kishi bilan cheklash, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligi hamda boshqa talablar mavjud. Germaniya kansleri Fridrix Mers rejaga munosabat bildirar ekan, agar Ukraina parchalansa, bu butun qit’a uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Ukrainaning Yevropadagi hamkorlari rejadagi bandlarni qayta ko‘rib chiqib, uni Ukraina uchun ham manfaatli qilishga chaqirdi. Xususan, Yevropa quyidagi bandlarni o‘zgartirishni taklif qilgan:
- Ukrainaning strategik jihatdan muhim hududlari, jumladan butun Donbass va Qrimni Rossiyaga berish taklifi.
- Ukraina armiyasining qisqarishi, u allaqachon son jihatdan Rossiyadan sezilarli darajada ortda qolmoqda.
- Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari. Yevropaliklar Rossiyaning Ukraina va Yevropa Ittifoqiga hujum qilmaslik bo‘yicha rasmiy majburiyatlari yetarlicha ishonchli bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda, chunki Rossiya ilgari ham kelishuvlarni buzgan.
- AQSH muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foyda olishi, Rossiya esa qo‘shma investitsiya loyihalari orqali manfaat topishini ko‘zda tutuvchi tashabbus.
Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek Kanada, Buyuk Britaniya, Norvegiya va Yaponiya qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unda Trampning tinchlikka erishish borasidagi sa’y-harakatlari qayd etilgan, biroq hujjat ustida ishlash zarurligi ta’kidlangan.
“28 banddan iborat reja adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun zarur bo‘lgan muhim jihatlarni o‘z ichiga oladi. Shu sababli biz bu loyihani qo‘shimcha ishlov talab qiladigan asos deb hisoblaymiz. Kelajakdagi tinchlik barqaror bo‘lishi uchun bu jarayonga qo‘shilishga tayyormiz. Biz chegaralar kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirilishi mumkin emas, degan tamoyilga qat’iy amal qilamiz”, deyiladi bayonotda.
Ular Ukraina armiyasini qisqartirish taklifidan norozi ekanliklarini taʻkidlab, bu mamlakatni kelajakdagi hujumlarga zaif qilib qo‘yishi mumkinligini bildirdi.








