Daryo

Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi e’lon qilindi

Shartlar orasida Ukraina kelishuv imzolanganidan 100 kun o‘tgach, saylov o‘tkazishi, armiyasi sonini 600 ming kishi bilan cheklashi ham bor.

2 daqiqa o‘qish1 574 ko‘rishlar0 izoh12

Ukrainalik deputat Aleksey Goncharenko AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini e’lon qildi. Hujjat quyidagi asosiy qoidalarni o‘z ichiga oladi:

Hududiy masalalar

  • Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto Rossiya hududlari sifatida tan olinadi;
  • Xerson va Zaporoje hududlari to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab muzlatiladi;
  • Ukraina Donetsk oblastining bir qismidan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. U yerda qurolsizlantirilgan bufer zona tashkil etiladi.

Xavfsizlik va xalqaro maqom

  • Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishni konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlaydi;
  • Alyans Ukrainani qabul qilmaslikni qonuniy ravishda belgilaydi;
  • Ukraina armiyasi soni 600 ming kishi bilan cheklangan;
  • Ukraina hududida NATO qo‘shinlarini joylashtirish taqiqlanadi;
  • Ukraina yadrosiz davlat maqomini mustahkamlaydi.

Energetika

  • Zaporoje atom elektr stansiyasi MAGATE xalqaro kuzatuvi ostida ishga tushiriladi;
  • Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasida teng taqsimlanadi (50/50);
  • AQSH va Ukraina gaz infratuzilmasini, jumladan, quvurlar va omborlarni tiklash va modernizatsiya qilishda hamkorlik qiladi.

Iqtisodiy jihatlari

  • Rossiya sanksiyalar bekor qilingan holda jahon iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich qaytadi;
  • Rossiya G8 ga (“Katta sakkizlik”) qaytish uchun taklifnoma oldi;
  • Rossiyaning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlaridan foydalangan holda Ukrainani tiklash jamg‘armasi tashkil etiladi;
  • AQSH hamda Yevropa Ukraina infratuzilmasi va iqtisodiyotini tiklashga sarmoya kiritadi.

Kafolatlar va nazorat

  • AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi;
  • Bitimning bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha Amerika—Rossiya ishchi guruhi tuziladi;
  • Rossiya Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik siyosatini qonun yo‘li bilan mustahkamlaydi;
  • Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomalarning amal qilishi uzaytiriladi.

Gumanitar masalalar

  • Harbiy asirlarni to‘liq almashish va garovga olingan fuqarolarni qaytarish amalga oshiriladi;
  • Ukraina kelishuv imzolangandan keyin 100 kun o‘tgach, saylov o‘tkazadi;
  • Mojaroning barcha ishtirokchilari uchun to‘liq amnistiya nazarda tutiladi.

Hujjat barcha tomonlar qabul qilganidan so‘ng zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va kelishuv bajarilishini nazorat qilish uchun Donald Tramp raisligida Tinchlik kengashini tuzishni nazarda tutadi.

Avvalroq Axios manbalarga tayanib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH armiyasi vaziri Deniyel Driskoll bilan “qisqa muddatlarda” yangi Amerika tinchlik rejasini imzolashga kelishib olgani haqida xabar bergan edi. Shuningdek, Zelenskiy Tramp ma’muriyati bilan ushbu hujjat ustida ishlashga tayyorligini tasdiqladi.

“RBK-Ukraina”ning yuqori martabali amerikalik amaldorga tayanib aniqlik kiritishicha, “qisqa muddatlar” deganda Trampning hujjatni zudlik bilan imzolash talabi tushuniladi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH tomoni Zelenskiyning rejani 27-noyabrgacha imzolashini kutmoqda, Rossiya bilan kelishuv esa dekabr oyi boshida kelishiladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar