Daryo

“Ukraina o‘z tarixidagi eng qiyin damlarni boshidan kechirmoqda” — Zelenskiy (video)

Vladimir Zelenskiy xalqiga murojaat qildi va o‘ta murakkab tanlov qarshisida turganini aytdi.

2 daqiqa o‘qish1 706 ko‘rishlar0 izoh7

Ukraina Prezidenti Vldimir Zelenskiy xalqqa murojaat qilib, mamlakat o‘z tarixidagi eng murakkab davrni boshidan kechirayotganini aytdi. U AQSHning 28 bandlik tinchlik rejasiga ishora qilib, Kiyev qadr-qimmat va erkinlikni saqlab qolish uchun kurashishini ta’kidladi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina o‘ta murakkab tanlov qarshisida turibdi: yo o‘z qadr-qimmatini yo‘qotish, yo asosiy hamkorni yo‘qotish xavfi. Bu holat murakkab 28 bandlik rejani qabul qilish yoki juda og‘ir qishni boshdan kechirishga sabab bo‘ladi. Prezidentning aytishicha, ukrainlardan allaqachon ikki marta hujum qilgan shaxsga ishonish va javob kutish so‘ralmoqda.

Tinchlik va birlik uchun kurash

Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar va boshqa hamkorlar bilan xotirjam, ammo tezkorlik bilan ishlashini ma’lum qildi. U, shuningdek, dushmanga “Ukraina tinchlikni xohlamaydi”, degan gapni aytishga yo‘l bermasligini ta’kidladi.

Davlat rahbari har qanday tinchlik rejasida ikkita asosiy nuqta — ukrainaliklarning qadr-qimmati va erkinligi inobatga olinishi uchun kurash olib borishini ta’kidladi. U urushni tugatish uchun hamma narsani qilishini, ammo Ukrainani, Yevropani va global tinchlikni tugatishga yo‘l qo‘ymasligini qo‘shimcha qildi.

“Biz dunyoning eng yirik armiyalaridan biriga qarshi deyarli to‘rt yildan beri jang qilyapmiz. Xalqimiz urushning tugashini istaydi. Biz po‘latdekmiz, ammo eng kuchli metall ham sinishi mumkin”, dedi Zelenskiy.

Uning fikricha, dushman uchun eng dahshatli narsa bu ukrainaliklarning birligidir. Prezidentning qayd etishicha, hozir, qadr-qimmatli tinchlikka erishish uchun bu birlikka har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj bor.

Kelgusi hafta qiyinchiliklari

Zelenskiy kelgusi hafta qiyin bo‘lishidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davrda Ukrainani bo‘lib yuborish uchun katta bosim bo‘ladi va dushman ularning biron bir natijaga erishishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani ishga soladi.

Prezident siyosatchilar va fuqarolarni janjallar va siyosiy o‘yinlarni to‘xtatib, birlashishga chaqirdi. Zelenskiy xalq uning ortida turganini bilsa, tinchlikka erishish osonroq bo‘lishini bildirdi. U yakunda o‘zining yolg‘iz emasligiga ishonishini va buni bilishini ta’kidlab, murojaatini yakunladi.

Zelenskiyning mazkur murojaati AQSH yetakchisi Donald Trampning Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha ilgari surilayotgan 28 bandlik rejasi e’lon qilinganidan so‘ngra yangradi. Ayni paytda, Moskva bu masalani oshkora muhokama qilmasligini bildirib, Vashingtondan hali hech qanday rasmiy ma’lumot olmaganini ta’kidlagan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar