Daryo

Sanksiyalar va rus neftini sotib olayotgan davlatlarga boj qo‘llash Rossiya iqtisodiyotini qulatishi mumkin — The Economist

Rossiya iqtisodiyotining o‘sishi sekinlashmoqda. Yalpi ichki mahsulot 2025-yilning iyul oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan atigi 0,4 foiz o‘sgan.

2 daqiqa o‘qish1 079 ko‘rishlar0 izoh1

G‘arb sanksiyalari va rus neftini xarid qiluvchi davlatlar boj joriy qilishi Rossiya iqtisodiyotining butunlay qulashiga olib keladi. Natijada Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga qaytishi mumkin. Bu haqda The Economist nashri yozdi.

Manbaga ko‘ra, bu fikrni AQSH moliya vaziri Skott Bessent bildirgan. Biroq Rossiya qanchalik zaif? Yevropa Kremlga qarshi cheklovlarning 18 ta paketini qabul qilgan. Vashington esa 5 000 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga sanksiya qo‘llagan.

“Yuqoridagi sanksiyalarga qaramay, Rossiya iqtisodiyotining qulashiga oid taxminlar bir necha bor noto‘g‘ri bo‘lib chiqqan. 2022-yildagi qisqa muddatli retsessiyadan so‘ng Rossiya iqtisodiyoti o‘sishda davom etdi”, deyiladi nashr maqolasida.

Biroq Rossiya iqtisodiyoti sekinlashmoqda. O‘sish deyarli to‘xtab qolmoqda. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2025-yilning iyul oyida 2024-yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga oshgan. Korporatsiyalar foydasining o‘sish darajasi sust, bu esa fond bozoriga bosim qilmoqda. Shuningdek, ish haqining real o‘sishi ham sekinlashgan.

“Amaldorlar va boshqaruv tashkilotlari iqtisodiy pasayishning aybdori kim ekanini muhokama qilmoqda. 2023–2024-yillardagi iqtisodiy ko‘tarilish shubhasiz yakunlandi”, – deya urg‘ulagan The Economist.

Nashrning tushuntirishicha, Putin hukumati fiskal siyosatni yumshatishni tugatgani sababli pasayish kuzatilgan. 2023-yilda YIMning 5 foiziga teng qo‘shimcha xarajatlar 2024-yilda o‘rtacha fiskal konsolidatsiyaga aylangan. Endi infratuzilma va mudofaa-sanoat majmuasiga ulkan xarajatlar uchun kamroq pul beriladi. 2023–2024-yillarda Markaziy bank inflyatsiyaning oldini olish uchun keskin ravishda foiz stavkalarini oshirdi. Qimmat kreditlar esa xarajat qilishdan ko‘ra jamg‘arishni foydaliroq qilgan.

“Bularning barchasiga G‘arb sanksiyalari qanchalik ta’sir qilgani noma’lum. G‘arbning cheklovlari sababli neft ishlab chiqarish pasaymoqda. Rossiya yanvar–mart oylarida 96 milliard dollarlik neft mahsulotlari sotgan. 2022-yilning xuddi shu davrida bu ko‘rsatkich 155 milliard dollarni tashkil qilgan. Biroq iqtisodiy o‘zgarish ham pasayishning qanday sodir bo‘lganini tushuntiradi: yil boshidan beri rubl mustahkamlanib, eksport tushumlarini kamaytirgan; jahon bozorida neft narxlari past; yuqori foiz stavkalari esa neft qazib olishni moliyalashtirishni qiyinlashtirgan”, deyiladi maqolada.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga urushni davom ettirish uchun imkon berayotgan kompaniyalarga qarshi cheklovlar kiritadi. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, qanday bo‘lmasin sanksiyalarni chetlab o‘tish mumkin. G‘arb mahsulotlarini uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga yetkazuvchi faol tranzit tarmog‘ini nazorat qilish qiyin. Shu bilan birga, bo‘shroq cheklovlar sharoitida ham Putinni muzokara o‘tkazishga majburlash mumkin. Lekin buning uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Ukrainaning ham moliyaviy-iqtisodiy ahvoli borgan sari yomonlashmoqda.

“Agar AQSH va Yevropa o‘z ittifoqchisining ‘poygada’ g‘olib bo‘lishini istasa, unga samaraliroq moliyaviy yordam ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi”, deb xulosa qilgan The Economist.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar