Boʻlajak kuyov aldov yoʻli orqali kelinning hovlisini sotib yuborgani bilan bogʻliq ish Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida koʻrib chiqilayotgani xabar berilgan edi. Sudning 20-noyabr kuni davom etgan navbatdagi majlisida sudlov hayʼati ishning muzokara qismiga oʻtdi. Unda soʻz olgan davlat ayblovchisi sudlanuvchiga 10-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini soʻradi. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” jurnalisti xabar berdi.
Mazkur shaxs oʻz qilmishining kelib chiqishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarini oldindan bilgani holda, gʻarazli va past niyatlarda oʻzganing mulkini aldash, ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan juda koʻp miqdordagi mablagʻni qoʻlga kiritgan. U 2023-yilning 3-fevral kunidan 2024-yilning 13-avgust kuniga qadar 1991-yilda tugʻilgan Yusupov Jasur bilan birgalikda tadbirkorlik qilishini, chet davlatdan arzon narxlarda avtomashina olib kelib, Oʻzbekiston Respublikasida sotishni taklif qilib, ushbu tadbirkorlik ishlaridan yaxshigina daromad kelishini bildirgan. Uni tadbirkorlikka sherik boʻlishga chaqirgan. Evaziga har oy foydadan tushgan puldan ulush berishini bildirib, Yusupovdan 179 ming 300 dollar pul olgan. Biroq, vaʼdasini bajarmay jinoyat yoʻli bilan qoʻlga kiritgan pullarini oʻzining ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Mazkur holat sud tergovida ham tergov organi tomonidan ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirish, yuzlashtirish, stenogramma koʻrgazmalari, audio yozuvlarni koʻzdan kechirish davomida ham oʻz tasdigʻini toʻliq topgan deb hisoblayman, dedi prokuror muzokara soʻzida.

Davlat ayblovchisi shuningdek, sudlanuvchi yana bir tanishiga mashina sotib, uning pullarini ham olgan boʻlsa-da, avtomobillarni bermay aldab kelganini maʼlum qildi.
2024-yilning may oyida oʻziga oldindan tanish boʻlgan Saydullayevning avtoulov sotib olish uchun qidirib yurganligidan foydalanib, uning ishonchiga kirgan. Oʻziga tegishli boʻlgan Mercedes-Benz V213 E63 markali avtoulovni sotish uchun 117 ming dollarga kelishib, dastlab undan may oyida 50 ming, keyinchalik 2024-yilning may-avgust oylarida 27 700 dollar pul olgan. Unga avtoulovni vaqtincha boshqarish uchun ishonchnoma berib, 2024-yil 16-avgust kuni esa Saydullayevning chet elga chiqib ketganligidan foydalangan holda avtoulovni uning ruxsati bilan kelguniga qadar boshqarib turishini aytib, qaytarib olgan. Va nomaʼlum shaxsga sotib yuborgan. Natijada Saydullayevga jami 77 700 dollar zarar yetkazgan. Tergov organi tomonidan bu holat boʻyicha 168-modda 4-qismi bilan ayb eʼlon qilingan. Mazkur holat toʻgʻri malakalangan deb hisoblayman va holat sud tergovida ham oʻz tasdigʻini toʻliq topgan deb hisoblayman, dedi prokuror.
Davlat ayblovchisining qoʻshimcha qilishicha, sudlanuvchi 2024-yilning 26-iyun kuni Yunusov ismli tanishiga oʻzining nomida boʻlgan Zeekr-001, Mercedes-Benz 180S rusumli avtomashinalar va tanishi Akbarovning nomidagi Malibu-2 avtomobillarini 110 ming dollarga sotgan. Ammo pulini olib, avtomobillarni bermagan.
Bu harakati bilan ularga jami 110 ming 150 dollar zarar yetkazgan. Ushbu mablagʻ dollarning oʻsha paytdagi kursi bilan 1 milliard 386 million 343 ming soʻmni tashkil qiladi. Bu ham yuzlashtirish, tergov harakatlari, koʻzdan kechirish hamda sud jarayonlarida oʻz tasdigʻini toʻliq topgan. Qolaversa, 2023-yil 14-iyul kuni “Malika” savdo majmuasida tanishi Ahmedovning ishonchiga kirib, 30 dona IPhone 15 Pro Max rusumli telefon apparatlarini 39 ming dollarga olib, pullarni 2023-yilning avgust oyiga qadar berishni vaʼda bergan. Ammo vaʼdasini bajarmasdan pullarni oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Bu bilan jabrlanuvchilarga 493 million 549 ming 780 soʻm miqdoridagi zarar yetkazgan, deydi prokuror.
Davlat ayblovchisi sudlanuvchi boʻlajak kuyov sifatida ham Shahlo Olimboyevaning ishonchiga kirib, qizi Jamila Olimboyevaga uylanishini aytib, Olimboyevaning nomida boʻlgan Shayxontohur tumanidagi uyni fuqaro Karimov Sanjar nomiga oʻtkazib berganini, evaziga 240 ming dollar olganini taʼkidlamoqda.
Bu holat ham bugungi sud tergovi va bundan oldingi sud tergovlarida oʻz tasdigʻini toʻliq topgan. Bu bilan ayblanuvchi Rismatov Shahzod ishi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan toʻgʻri malakalangan deb hisoblayman. Shunga koʻra sizdan Rismatov Shahzodga birinchi holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashingizni, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi holatlar boʻyicha ham 9 yil — Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashingizni soʻrayman, dedi prokuror.
Muzokarada soʻz olgan prokuror bundan tashqari sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan zararlar tegishli tartibda undirilishini hamda sud tergovida aniqlangan holatlar boʻyicha qoʻshimcha tergovga xabarnoma yuborilishi kerakligini aytdi.








