Xitoy may oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvdan foydalanib, Islomobodga yetkazib berilgan bir nechta qurol tizimlarini birinchi marta real jangovar sharoitda sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda AQSH Kongressining ikki partiyaviy qo‘mitasiga tayanib, The Independent xabar berdi.
AQSH-Xitoy iqtisodiy va xavfsizlikni ko‘rib chiqish komissiyasi 18-noyabr kuni e’lon qilgan yillik hisobotida aytilishicha, may oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasida to‘rt kun davom etgan, oxirgi chorak asrdagi eng yirik mojaro Xitoy qurol-aslahalari uchun sinov maydoniga aylangan. Bu to‘qnashuvda tomonlar raketa zarbalari, dron hujumlari va og‘ir artilleriyadan foydalangan. Janglar AQSH muzokaralari orqali o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgandan so‘ng ziddiyatli sulh bilan yakunlangan.
Hindiston bu mojaroda fransuz va rus qiruvchi samolyotlarini ishlatgan bo‘lsa, Pokiston turli xil Xitoyda ishlab chiqarilgan qurollarni qo‘llagan.
Qaysi qurollar sinovdan o‘tdi?
To‘qnashuv Xitoyning zamonaviy qurol tizimlari, xususan:
- HQ-9 yerdan havoga uchuvchi raketa tizimi;
- PL-15 havo orqali uchuvchi raketa;
- J-10C qiruvchi samolyotining real jangovar sharoitdagi debyutiga aylangan.
Hisobotda Xitoyning bu mojarodan o‘z qurollarining murakkabligini sinovdan o‘tkazish va reklama qilish uchun foydalanganligi ta’kidlangan. Bu esa Pekinning Hindiston bilan davom etayotgan chegaraviy keskinliklari va mudofaa sanoatini kengaytirish maqsadlari nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shuningdek, xitoyliklar o‘z qurol tizimlarining jangdagi muvaffaqiyatlarini zudlik bilan e’lon qilgani aytilgan.
Urushning kelib chiqishi
Janglar Hindistonning Kashmir mintaqasidagi bahsli Himolay hududida yuz bergan va yigirmaga yaqin tinch aholi (asosan sayyohlar) halok bo‘lgan hujumga javoban, chegara bo‘ylab terroristlarning o‘quv bazalari ekani da’vo qilingan joylarga havo hujumlari uyushtirishi bilan boshlangan. Dehli bu hujumda Pokistonni ayblagan, Islomobod esa ayblovni rad etib, mustaqil tergov o‘tkazishni talab qilgan.
Pokiston o‘z qiruvchi samolyotlari mojaroning dastlabki bosqichlarida, jumladan, yangi sotib olingan Fransiyada ishlab chiqarilgan Rafale samolyotini ham qo‘shib, kamida oltita Hindiston samolyotini urib tushirganini da’vo qilgan. Dehli qancha samolyot yo‘qotganini tasdiqlamagan, ammo yuqori martabali harbiy amaldorlar havo kuchlarining samolyot yo‘qotishlariga uchraganini tan olgan. Oktyabr oyida Hindiston Havo kuchlari rahbari Amar Prit Singx Pokistonning noma’lum miqdordagi Xitoy qiruvchi samolyotlarini, shuningdek, AQSHda ishlab chiqarilgan F-16 samolyotlarini urib tushirganini iddao qilgan.
Stokgolm Xalqaro tinchlik tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Pokistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi hisoblanadi. So‘nggi besh yil ichida islomobod qurol importining 81 foizi Pekin hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikki qo‘shni davlat muntazam qo‘shma mashg‘ulotlar ham o‘tkazmoqda. Jumladan, o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida ular uch haftalik “Jangchi-VIII” aksilterror mashg‘ulotlarini o‘tkazgan edi.








