Madridning “Real” klubi hujumchisi Gonsalo Garsiya faoliyatini Angliya Premyer Ligasida davom ettirishi mumkin. Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, futbolchini “Brayton” ijaraga olishni istamoqda.
Manbaga ko‘ra, Garsiya muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun ijarada o‘ynash variantini ko‘rib chiqmoqda. Agar tomonlar kelishuvga erisha olsa, futbolchi qishki transfer oynasi vaqtida Angliya chempionatiga o‘tishi ehtimoli bor.
Yozgi transfer oynasi vaqtida 21 yoshli forvardga “Lids” va “Sanderlend” jamoalari ham qiziqish bildirgan edi. Chunki Garsiya AQSHda o‘tgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan hamda ko‘plab jamoalarning e’tiboriga tushgan. Ammo “qirollik klubi” futbolchini tarkibda olib qolishga qaror qilgan va barcha takliflarni rad etgan edi.
Ammo hujumchi “Real”da o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Gonsalo Kilian Mbappe, Vinisius Junior va boshqa hujumchilar bilan raqobatda yutqazib, ko‘proq zaxirada qolmoqda. Ushbu holat ortidan boshqa klublar yana futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Ammo “qirollik klubi” Garsiyaning kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelmagan. Chunki barcha narsa boshqa futbolchilarning jismoniy holatiga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum Gonsalo Garsiya “Real” safida barcha turnirlar doirasida jami 9 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Garsiyaning bozor qiymati 15 million yevroga teng.








