Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso hujumchilar Endrik va Gonsalo Garsiyaning klubni tark etishi mumkinligi haqidagi savollarga javob berdi.
“Hozircha bu borada o‘ylaganim yo‘q. Jamoa ichida ham bunday masala muhokama qilinmayapti. Ularning har ikkalasi ham o‘ynashga tayyor. Bu pozitsiyada bizda juda kuchli raqobat bor”, dedi ispaniyalik mutaxassis.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum 19 yoshli Endrik “Real” safida hali birorta ham o‘yinda maydonga tushmagan. 21 yoshli Garsiya esa barcha turnirlar doirasida jami 6 ta o‘yinda ishtirok etib, umumiy hisobda 101 daqiqa maydonda harakat qilgan. Ushbu bellashuvlarda ispaniyalik hujumchi 1 ta golli uzatma muallifiga aylangan.
Avvalroq OAVda Endrikga “Manchester Yunayted”, “PSJ” va “Marsel” klublari tomonidan qiziqish bildirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Garsiyani esa Myunxenning “Bavariya” klubi o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda.








