Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 16-noyabr kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
“Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida ikki davlat rahbarlari suhbat o‘tkazdil. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Tashrif davomida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika, madaniy va gumanitar sohalarda kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari xalqaro hamda mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashadi.
Davlat rahbarlari Shovot—Toshovuz chegaraoldi savdo zonasining ochilish marosimida ishtirok etishi reja qilingan. Turkmaniston prezidenti, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.
Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017-yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi 2018-yil mart oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bu yilgi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev faxriy mehmon sifatida ishtirok etadi.








