O‘zbekiston — Ozarbayjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi, prezident Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonning yaqin do‘sti. Bu fikrlarni prezident Ilhom Aliyev Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizni mushtarak ildizlar, ma’naviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz o‘zaro iliq munosabatda bo‘lib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani quvonarli, albatta”, degan Ozarbayjon rahbari.
Uning ta’kidlashicha, hozirga kelib Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan.
“Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan o‘rtamizda shakllangan ishonchli va do‘stona shaxsiy munosabatlar ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. O‘zbekiston yetakchisining davlatlararo munosabatlarimiz rivojiga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi, keng ko‘lamli hamkorlikni izchil mustahkamlash masalalariga qaratayotgan doimiy e’tiborini alohida ta’kidlamoqchiman”, degan Ilhom Aliyev.
So‘nggi bir yarim yil ichida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga 5 marta tashrif buyurdi. Ikki davlat rahbarlari yil davomida turli xalqaro maydonlarda ham bir necha bor uchrashdi. Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidentini Ozarbayjonda qabul qilish doim katta sharaf ekanini aytdi.
“Qardosh O‘zbekiston rahbari, atoqli davlat arbobi, Ozarbayjonning yaqin do‘sti prezident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda qabul qilish biz uchun doim katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi. O‘tgan bir yarim yil davomida bunday tashriflar besh marta yuz berdi. Bularning bari munosabatlarimizning yuqori sur’atidan dalolat”, deb ta’kidladi u.

Ozarbayjon rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama formatda, balki xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli rivojlanayotganini qayd etdi. Ozarbayjon va O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining faol a’zolari hisoblanib, turkiy birlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Munosabatlar BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, OHICHK va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali tus olgan.
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport, logistika va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, bugungi kunga qadar O‘zbekiston Ozarbayjon iqtisodiyotiga 21,8 million dollar sarmoya kiritgan, Ozarbayjon esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga 183,5 million dollar investitsiya yo‘naltirgan.
Ilhom Aliyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida uchinchi bor ishtirok etadi. U qatnashgan birinchi shunday tadbir 2023-yil Dushanbeda, ikkinchisi 2024-yil Ostonada bo‘lib o‘tgan. Navbatdagi muloqotga Toshkent mezbonlik qiladi.
Uning qayd etilishicha, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarbayjonni Markaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblanadi. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki, strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarning tarixiy hamkorligi ramzidir.
“Barcha hamkasblarim, ayniqsa O‘zbekiston prezidenti, birodarim Shavkat Mirziyoyevga taklif hamda Ozarbayjonning ushbu muhim tadbirda ishtirokini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman”, dedi Ilhom Aliyev.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi qardosh xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, transport, investitsiya, energetika, madaniy-gumanitar va raqamli transformatsiya sohalaridagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Ushbu tadbir oldidan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Unda so‘nggi yillarda mintaqani tubdan o‘zgartirgan jarayonlar va uni yangi bosqichga – ishonch, ochiqlik va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik davriga olib kelgan omillar atroflicha yoritiladi.








