Daryo

Oʻzbekistonlik tadbirkorlar Afgʻonistondagi savdo koʻrgazmasida qatnashadi

17–23-noyabr kunlari Kobulda oʻtkaziladigan koʻrgazmada Oʻzbekistondan borgan 90 nafar tadbirkor ishtirok etadi. Ular oʻz mahsulotlarini Made in Uzbekistan milliy stendida namoyish qiladi.

1 daqiqa o‘qish2 058 ko‘rishlar0 izoh3
Maqolani tinglang
0:00
1:36

2025-yil 17–23-noyabr kunlari Afgʻonistonning Kobul shahrida “Imom Abu Hanifa” IV xalqaro koʻrgazmasi va savdo yarmarkasi oʻtkaziladi. Unda Made in Uzbekistan milliy stendi bilan 90 nafar oʻzbekistonlik tadbirkor ishtirok etadi.

Savdo-sanoat palatasi xabariga koʻra, ayni paytda delegatsiya aʼzolari Kobulga yetib borgan.

“Koʻrgazmada ishtirok etishdan asosiy maqsad — qishloq xoʻjaligi, konchilik, energetika, taʼlim, qurilish, avtomobilsozlik, sogʻliqni saqlash, turizm, toʻqimachilik va boshqa qator yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini namoyish etishdan iborat. Koʻrgazmada 5 mingdan ortiq kompaniyalar, Eron, Qirgʻiziston, Hindistondan kelgan tadbirkorlar ishtirok etishi kutilmoqda”, deyiladi palata xabarida.

Maʼlum qilinishicha, tadbir doirasida B2B uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu ishtirokchilarga toʻgʻridan toʻgʻri biznes muzokaralar olib borish, yangi sheriklar topish va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Avvalroq palata Surxondaryo viloyati va Afgʻonistonning Balx viloyati oʻrtasida hamkorlik boʻyicha ishchi komissiya yigʻilishi oʻtkazilgani xabar qilgandi. Uchrashuv doirasida eksport faoliyatiga oid tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot hamda ishbilarmon doiralar oʻrtasida B2B formatida muzokaralar oʻtkazilgan.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Delegatsiya aʼzolari Termiz xalqaro savdo markazining faoliyati, mavjud imkoniyatlar hamda Afgʻonistondan olib kelinayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishgan.

Savdo-sanoat palatasi

Muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi va Afgʻoniston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolangan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar