Daryo

Janubiy Afrikada 153 nafar falastinlik 12 soat samolyotda ushlab turildi

Ular pasportlarida maxsus muhr yo‘qligi va mamlakatda qancha muddat qolishi noma’lumligi bois samolyotdan tushirilmagan.

2 daqiqa o‘qish1 858 ko‘rishlar0 izoh1

Janubiy Afrikada 153 nafar falastinlik yo‘lovchi taxminan 12 soat davomida samolyotdan tushirilmay ushlab turildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Yo‘lovchilar Keniyadan uchib kelgan charter reysi bilan 13-noyabr kuni ertalab Yohannesburgdagi O.R. Tambo aeroportiga qo‘ngan. Mahalliy matbuot ularning urushdan vayron bo‘lgan G‘azodan qochib chiqqanini bildirgan.

Nega ular samolyotdan tushirilmadi?

Immigratsiya xizmati falastinliklar pasportlarida Isroil tomonidan qo‘yilishi kerak bo‘lgan chiqish muhri yo‘qligi, shuningdek, Janubiy Afrikadagi manzil va qolish muddati ko‘rsatilmaganini da’vo qilgan. Politsiya ham yo‘lovchilar pasportlarida odatiy chiqish muhrlari bo‘lmaganini, biroq ularning hech biri boshpana so‘ramaganini ma’lum qilgan.

Mahalliy ruhoniy Nayjel Branken samolyotga kirishga ruxsat olgan va vaziyatni o‘ta og‘ir deb tasvirlagan:

“Juda issiq edi. Bolalar yig‘lab, qichqirib, terlab o‘tirishardi”, degan u SABC telekanaliga.

Vaziyatga JAR Ichki ishlar vazirligi aralashganidan keyin yo‘lovchilarga samolyotdan tushishga ruxsat berilgan. Mahalliy “Gift of the Givers” nodavlat tashkiloti ularga vaqtinchalik joy ajratgan. 153 yo‘lovchidan 23 nafari boshqa davlatlarga uchib ketgan bo‘lsa, 130 nafar falastinlik mamlakatda qolgan.

Isroil G‘azoni tark etishga ruxsat berdi

Reys haqida ma’lumotlar turlicha. Ayrim xabarlarga ko‘ra, samolyot Janubiy Afrika kompaniyasi tomonidan boshqarilgan. Yahudiy Haaretz gazetasi Isroil falastinliklarning sektordan chiqib ketish cheklovlarini yumshatganini yozmoqda.

Nashrga ko‘ra, Isroil falastinliklarga Ramon aeroporti orqali uchishga ruxsat bergan, biroq buning uchun qabul qiluvchi davlat samolyot ajratishi kerakligi aytilgan. Ammo yuqoridagi holatda nega falastinliklarning pasportlari muhrlanmagani va Janubiy Afrika rasmiylari ularning kelishdan bexabar bo‘lgani noma’lumligicha qolmoqda.

“Gift of the Givers” rahbari Imtiyoz Sulaymonning aytishicha, so‘nggi ikki haftada yana bir samolyotda falastinliklar JARga kelgan, yo‘lovchilarning o‘zi ham qayerga ketayotgani haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagan.

Janubiy Afrika — Isroilning keskin tanqidchisi

Janubiy Afrika uzoq yillardan beri Isroil siyosatini ochiq tanqid qilib keladi va uni mamlakatning o‘tmishdagi aparteid rejimi bilan qiyoslaydi. Mamlakat Isroilni Xalqaro sudga ham bergan.

Haaretz ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 7 ming falastinlik Kerem Shalom orqali, yana 30 ming nafari esa Rafah orqali G‘azodan chiqib ketgan. Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi esa bosib olingan hudud aholisi ixtiyoriga qarshi ko‘chirilsa, bu urush jinoyati hisoblanishini eslatmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar