Isroil Oliy sudi 7-sentyabr kuni hukumatni falastinlik mahbuslarga yetarli oziq-ovqat bermayotganlikda ayblab, ovqat miqdori va sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda My News xabar berdi.
Sud hukumatga falastinlik mahbuslarga kuniga 3 mahal ovqat berish majburiyati borligini eslatgan. Bu qaror 2024-yilda inson huquqlari tashkilotlari tomonidan kiritilgan shikoyat asosida qabul qilingan edi.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir sud qaroriga qarshi chiqib, mahbuslarga qonunda belgilangan minimal sharoitlar berilishini aytgan. ACRI inson huquqlari tashkiloti hukumatdan qarorni darhol bajarishni talab qilib, Isroil qamoqxonalari “qiynoqlar lageriga aylangan”ini ta’kidlagan.
“Davlat odamlarni och qoldirmasligi kerak. Insonlar nima qilishidan qat’iy nazar, ular och qolmasligi lozim”, deydi tashkilot vakillaridan biri.
Falastin vakillari 2023-yilda urush boshlangandan beri Isroil qamoqxonasida kamida 61 kishining halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Xususan, mart oyida 17 yoshli falastinlik ochlikdan vafot etgani xabar qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, falastinlik HAMAS guruhi dastlab 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga hujum qilgan. Hodisada 1200 kishi, asosan tinch aholi halok bo‘lgan. Yahudiy davlatining G‘azo sektori va Bosib olingan G‘arbiy sohil bo‘ylab uyushtirayotgan qirg‘inlarida shu kungacha 62 mingdan ziyod falastinlik aholi hayotdan ko‘z yumgan.








