Daryo

Isroil bosqini sabab 500 ming falastinlik ishsiz qoldi

Yahudiy davlatining 2023-yilda urush boshlashi oqibatida G‘arbiy Sohil va G‘azoda ishsizlik darajasi mos ravishda 80 va 50 foizni tashkil etmoqda.

1 daqiqa o‘qish4 633 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil 2023-yil oktyabr oyida G‘azo sektori va bosib olingan G‘arbiy Sohilda urush harakatlari boshlanganidan buyon yarim milliondan ortiq falastinlik o‘z ish joyidan ayrildi. Bu haqda Falastin kasaba uyushmalari federatsiyasi bayonotiga tayanib, Daily Sabah xabar berdi.

Bayonotda qayd etilishicha, Isroil armiyasining muntazam blokadalari, yo‘llarning yopilishi va har kungi reydlar falastinliklarni ishidan ayrilishiga sabab bo‘lgan. Bu siyosat insonlarning munosib yashash va mehnat qilish huquqini butunlay cheklab qo‘ymoqda. Xususan, so‘nggi ikki yillik agressiya oqibatida:

  • G‘arbiy Sohilda ishsizlik darajasi 50 foizdan oshgan;
  • G‘azo sektorida esa bu ko‘rsatkich 84 foizdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

9 milliard dollarlik zarar

Falastinlik ishchilarning o‘z ish joylariga bora olmasligi oqibatida ko‘rilgan moliyaviy zarar 9 milliard dollardan oshib ketgan. Buning ustiga, mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlari, xususan, qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari butunlay vayron bo‘lgan. Bundan tashqari 2023-yil oktyabridan buyon 44 nafar ishchi o‘ldirilgan, yuzlab ishchilar jarohatlangan va 34 000 dan ortiq falastinlik Isroil armiyasi tomonidan hibsga olingan.

Xalqaro konvensiyalarning buzilishi

Federatsiya Isroil hukumatini xalqaro mehnat konvensiyalari va Jeneva konvensiyalarini ochiqchasiga buzishda ayblamoqda. O‘nlab ishchilar harbiy nazorat punktlarida yoki oilasini boqish uchun harakat qilayotgan vaqtida yahudiy ko‘chmanchilarning hujumlari oqibatida halok bo‘lgan.

Urush boshlanganidan buyon umumiy yo‘qotishlar dahshatli darajaga yetdi. Jumladan, G‘azo sektorida 70 700 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 170 000 dan ziyod odam jarohatlangan. Bosib olingan G‘arbiy Sohilda esa Isroil armiyasi va noqonuniy ko‘chmanchilar hujumlari oqibatida kamida 1097 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 11 000 ga yaqin odam turli darajada jarohat olgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar