Daryo

G‘azodagi morgda yotgan 12 yashar qiz tirikligi aniqlandi

Qiz sakkiz soat davomida o‘likxonada hushsiz yotgan. Uning tirik ekanini morgga o‘g‘lini qidirib kelgan erkak payqagan.

2 daqiqa o‘qish1 932 ko‘rishlar0 izoh8

Isroil hujumidan keyin G‘azodagi o‘likxonada tirik topilgan 12 yoshli Rag‘d al-Assar o‘z hikoyasi bilan bo‘lishdi. Qiz 2024-yilda “halok bo‘lgan” deb e’lon qilingan va sakkiz soat davomida morgda hushsiz yotgan. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

“Biz boshqalar kabi uyda o‘tirgan edik, to‘satdan ustimizga o‘qlar, samolyot va dronlar yog‘ila boshladi”, dedi jabrlanuvchi qiz.

Qizning tirikligini morgda o‘g‘lini qidirayotgan erkak payqagan. U o‘likxonada qizning barmoqlari harakatlanayotganini ko‘rgan.

“Men ikki hafta komada bo‘ldim va uyg‘onganimda, uydagilar meni o‘likxona muzlatgichiga qo‘yishganini aytishdi”, dedi u.

Al-Assarning ikki singlisi 2024-yil 8-iyundagi hujumda halok bo‘lgan, uning boshqa oila a’zolari ham urush oqibatida jarohatlangan.

“Butun oilam jarohat oldi, ikki singlim shahid bo‘ldi. Katta opamning ahvoli menikidan yomonroq. Uning bir ko‘zi ko‘rmaydi, kuyishlar, chuqur yaralar va oshqozon bilan bog‘liq muammolar bor”, dedi al-Assar.

Uning hikoyasi BMT ekspertlari “genotsid” deb atagan Isroilning G‘azoga qarshi urushidan kelib chiqayotgan ko‘plab voqealardan biridir. Tashkilotning Bolalar jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning qirg‘oqbo‘yi Falastin hududiga hujumlari oqibatida 64 mingga yaqin bola “halok bo‘lgan yoki mayib bo‘lgan”.

Isroilning G‘azoga qarshi urushi 2023-yil oktyabr oyidan beri kamida 69 187 falastinlikning halok bo‘lishiga va 170 703 nafarining yaralanishiga olib kelgan. Al-Assarning otasi Muhammad uning uyiga hujum qilinganida ishda edi. Qarindoshi qo‘ng‘iroq qilib, voqeani aytib bergan.

“Uyimga hujum qilingani haqida xabar keldi. Uyda emas, ishda edim. Nima bo‘lganini bilish uchun ishdan shifoxonaga shoshildim. So‘ng vayronalar ostidan al-Assarni qidirish uchun uyga bordik. Uning daragini topmadik”, dedi u.

Qizini topgach, Muhammad hujum uning ruhiy holatini butunlay o‘zgartirib yuborganini sezgan.

“Bu hodisa uning ruhiyatini o‘zgartirib yubordi, u boshqa odam bo‘lib qoldi. Ba’zan ko‘chada ketayotib hushidan ketib, yiqilib qoladi”, deydi u.

Al-Assarning Al Jazeera telekanaliga aytishicha, u hujum kunini har safar eslaganda qo‘rqinchli tushlar va xavotirdan aziyat chekadi.

“Men eslashni yoqtirmayman, urush ovozlarini eshitishni istamayman va xotiralarni eslatuvchi narsalardan qochaman. Portlash yoki samolyot ovozini eshitsam, qo‘rqaman”, deydi u.

Isroilning G‘azo bo‘ylab ikki yillik bombardimonlari ko‘plab sog‘liqni saqlash muassasalarini vayron qildi va yuzlab shifokorlarni o‘ldirdi. O‘tgan oyda HAMAS va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan bo‘lsa-da, Isroil anklavga hujumlarni davom ettirmoqda va 10-oktyabrda sulh boshlanganidan beri kamida 260 kishi halok bo‘lgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar