Daryo

Isroil G‘azo sektoriga xorijiy kuchlarni kiritishga rozi bo‘ldi

Netanyaxu Vashingtonga safari oldidan shunday qaror qabul qildi. Xorijiy harbiylar ustidan nazorat Tinchlik kengashi zimmasida bo‘ladi.

2 daqiqa o‘qish5 423 ko‘rishlar0 izoh8

Isroil o‘t ochishni to‘xtatish rejasi doirasida G‘azoga xorijiy xavfsizlik kuchlari kirishiga rozi bo‘ldi. Tegishli qaror Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning AQSHga tashrifi arafasida qabul qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Netanyaxu 27-iyul kuni Vashingtonga joʻnab ketishi va ertasi kuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda. “Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari” deb nomlangan missiya tarkibiga Isroil nazorati ostida bo‘lmagan hududlarga joylashtiriladigan “Uganda va Marokash kabi do‘st mamlakatlardan” 200 nafar askar kiradi. Har bir harbiy kontingentning G‘azoga kirishi Isroilning alohida roziligini talab etadi.

Ushbu kuchlar aynan qachon joylashtirilishi hozircha noma’lum. G‘azoning aksariyat qismi 2023-yil 7-oktyabrdagi HAMAS hujumlari ortidan boshlangan ikki yillik urush sababli hamon vayron holatda qolmoqda.

2025-yilning oktyabr oyida erishilgan kelishuvdan so‘ng Tramp G‘azo bo‘yicha o‘z tinchlik rejasini eʼlon qilgandi. Hujjat gumanitar yordam hajmini oshirish, falastinlik texnokratlar boshqaruvini joriy etish, HAMAS qurollarini topshirishi va Isroil qo‘shinlarini olib chiqishini nazarda tutadi.

Biroq jarayon to‘xtab qolgan: “G‘azoni boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mita” deb ataluvchi texnokratlar guruhi haligacha anklav tashqarisida qolmoqda. Hozirda Isroil G‘azo hududining taxminan 64 foizini amalda nazorat qilmoqda. Sektorning qariyb 2 million aholisi esa asosan HAMAS nazorati ostidagi hududlarda, vaqtinchalik chodirlar yoki shikastlangan binolardagi og‘ir sharoitlarda kun kechirmoqda.

HAMAS qurolsizlanish shartini bir necha bor rad etgan, Isroil esa deyarli har kuni zarbalar berishda davom etib, nazorat hududini 70 foizgacha kengaytirishini ma’lum qilgan. Tramp rejasida tinchlik dasturining ijrosiga mas’ul bo‘lgan yuqori xalqaro organ sifatida Tinchlik kengashi ko‘rsatilgan. Ushbu tuzilma, boshqa vazifalar qatorida, kiritilgan xavfsizlik kuchlarini ham nazorat qilishi kerak.

G‘azoni tiklashga qaratilgan Tinchlik kengashi

2026-yil yanvar oyida G‘azoni tiklash uchun AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligida Tinchlik kengashi tashkil etilgan edi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham ushbu kengash nizomini imzolagandi. Jami 19 ta davlat yetakchilari Davosdagi mazkur tadbirda qatnashgan. Kengashga doimiy a’zo bo‘lishni istagan davlatlar 1 milliard dollar ixtiyoriy badal to‘lashi lozim. O‘zbekiston va Qozog‘iston a’zolik uchun badal to‘lamagan.

Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va BAA G‘azoni tiklash uchun 7 milliard dollar ajratishi, AQSH esa Tinchlik kengashi loyihalariga 10 milliard xayriya qilishi ma’lum bo‘ldi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar