Isroil armiyasining hujumi G‘azo sektorining rivojlanishini deyarli 70 yil orqaga surdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi hisobotida ma’lum qilindi.

O‘tgan yil davomida sektorda qashshoqlik darajasi keskin oshgan. Jumladan, har to‘rt kishidan uch nafari qashshoqlikda yashaydi.
G‘azo 70 yil oldingi, ya’ni 1955-yildagi rivojlanish darajasiga qaytdi. Hozirgi vaqtda iqtisodiyotni bo‘g‘ib qo‘yayotgan cheklovlar olib tashlanishi kerak, dedi Taraqqiyot dasturining Falastin aholisiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Chitose Noguchi.
Ta’kidlanishicha, 2023-yil 7-oktyabrdan boshlab G‘azoda yaqin tarixdagi eng yirik gumanitar ofatlardan biri ro‘y bermoqda. Mavjud vaziyat misli ko‘rilmagan ko‘p qurbonlar, vayronagarchiliklar, oziq-ovqat xavfsizligi va ommaviy ko‘chishlarga olib keldi.
Isroilning G‘azo sektoriga yordam tarqatish bo‘yicha qat’iy cheklovlari esa inqirozni yanada kuchaytirdi. BMT sodir bo‘layotgan voqealar barcha falastinliklarning kelajagi uchun xavf tug‘dirishidan ogohlantirdi.
Agar iqtisodiy cheklovlar bekor qilinmasa, shuningdek, tiklanish va rivojlanishga investitsiyalar kiritish bo‘yicha sa’y-harakatlar ta’minlanmasa, Falastin iqtisodiyoti urushdan oldingi darajaga qadar tiklanolmasligi, oldinga siljiy olmasligi va butunlay gumanitar yordamga tayanib qolishi mumkin, deyiladi hisobotda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hujumi oqibatida G‘azoda 42 600 kishidan ortiq odam halok bo‘lgan. Ulardan 17 mingga yaqini bolalar hisoblanadi. 10 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgan. Jarohatlanganlar soni esa 99 800 ming kishiga yaqinlashmoqda. Isroilda esa jami 1 139 kishi halok bo‘lgan, 8730 kishi jarohatlangan.








