Daryo

Isroil vaziri G‘azoda har tunda 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirdi

Itamar Ben-Gvirning da’vosiga ko‘ra, sektorda nafaqat bevosita xavf tug‘diradigan, balki yashashga noloyiq odamlar bor. U Falastin hududida yahudiy aholi punktlarini qurishga ham chorladi.

1 daqiqa o‘qish7 061 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir har kecha G‘azoda 30–40 kishini o‘ldirishga chaqirdi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Itamar Ben-Gvir bu fikrlarni HAMAS tomonidan 2023-yil 7-oktyabrda garovga olingan va keyinchalik ozod etilgan Rom Braslavski olib boradigan podkastda bildirgan. U Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning yaqinda G‘azodagi harbiy operatsiyalarni qisqartirganiga qarshi chiqqan.

Menimcha, biz har kecha 30 dan 40 gacha maqsadli suiqasdlarni amalga oshirishimiz kerak. Faqat bevosita xavf tug‘diradiganlarni emas. U yerda yashashga noloyiq odamlar bor... Ular odam ham emas, degan Ben-Gvir.

U Falastin hududida yahudiy aholi punktlarini qayta tiklashga chaqirib, “butun G‘azo” Isroilga tegishli bo‘lishini nazarda tutayotganini aytdi. Shuningdek, falastinliklarni ko‘chirish fikrlarini takrorladi.

Men nafaqat Gush-Katifda, balki butun Gʻazo boʻylab aholi punktlari qurillishini va emigratsiya ragʻbatlantirilishini tasavvur qilyapman, qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Terrorchilar uchun esa hech qanday emigratsiya boʻlmasligi kerak. Biz ularni shunchaki birma-bir yo‘qotishimiz zarur, degan u.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, HAMASning 7-oktyabrdagi hujumida 1 200 kishi halok bo‘lgan va 250 dan ortiq odam garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan. Isroilning javob hujumlarida esa G‘azoda 73 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, anklavda gumanitar falokat yuzaga kelgan. 2025-yil oktabrida o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirganidan beri esa 1 200 kishi jon berdi.

Ma’lumot o‘rnida, Isroilda 2023-yil 7-oktyabrdagi hujumlarda ishtirok etganlarni sud qilish uchun harbiy tribunal tashkil etiladi. Mart oyida Knesset agar hujum “Isroil davlatining mavjudligini inkor etish” maqsadida sodir etilsa, terrorchilar uchun o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgandi. Qonun tanqidchilariga ko‘ra, bu amalda o‘lim jazosi faqat falastinliklarga nisbatan qo‘llanishini anglatadi. Rasman o‘lim jazosi Isroil tarixida faqat ikki marta qo‘llangan: 1948-yilda kapitan Meir Tuvianskiyga nisbatan (keyinchalik oqlangan) va 1962-yilda natsist Adolf Eyxmanga nisbatan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar