Fransiya terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining beshinchi turidan o‘rin olgan bahsda Ukraina jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi va turnirning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Parijdagi “Park de-Prens” stadionida kechgan uchrashuvda Kilian Mbappe (55 va 83-daqiqalar), Maykl Olise (76) va Ugo Ekitike (88) o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi.
Shu tariqa, saralash bosqichi yakunlanishiga 1 tur qolganda Fransiya terma jamoasi 13 ochko bilan “D” guruhida birinchi o‘rinni egallagan holda mundial ishtirokchisiga aylandi. Ikkinchi pog‘onada Islandiya (7 ochko), undan keyin Ukraina (7) va Ozarbayjon (1) jamoalari joylashgan. So‘nggi tur 16-noyabr kuni o‘tkaziladi: Fransiya safarda Ozarbayjon bilan, Ukraina esa Islandiya bilan o‘ynaydi.
Fransiya terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 29-jamoa bo‘ldi. Oldinroq Meksika, AQSH, Kanada (barchasi – mezbonlar), Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya, Iordaniya, Avstraliya, O‘zbekiston, Yangi Zelandiya, Argentina, Ekvador, Braziliya, Kolumbiya, Urugvay, Paragvay, Marokash, Tunis, Misr, Jazoir, Gana, Kabo-Verde, Janubiy Afrika Respublikasi, Qatar, Angliya, Saudiya Arabistoni, Senegal va Kot-d’Ivuar terma jamoalari ham final bosqich chiptasini qo‘lga kiritgandi.
Ma’lumot uchun, Fransiya jamoasi Jahon chempionatida ikki marta g‘olib chiqqan (1998, 2018), ikki marta kumush (2006, 2022) va ikki marta bronza (1958, 1986) medallarini qo‘lga kiritgan.
2026-yilgi Jahon chempionatida birinchi marta 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Turnir 11-iyun – 19-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Mundial guruhlar bosqichiga qur’a tashlash marosimi 2025-yil 5-dekabrda Vashingtonda o‘tkaziladi.








