Farg‘ona viloyatida Rossiya—Ukraina urushida Rossiya tomoni safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud “Daryo”ga xabar berdi.
Aniqlanishicha, o‘zbekistonlik erkak A.Q. 2022-yil 3-fevral kuni moddiy daromad orttirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borib, savdo majmualarida tozalovchi sifatida ishlagan. U shu yerda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2024-yil noyabr oyida jazoni Yekaterinburg shahridagi jazoni ijro etish muassasasida o‘tayotgan A.Q. muassasa ma’murlarining taklifi bilan Rossiya fuqaroligini qabul qilib, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilish uchun ariza topshirgan. 24-noyabr kuni Rossiya fuqaroligi pasportini olgan va 27-noyabrda Donetsk hududiga harbiy tayyorgarlikka yuborilgan.
U dastlabki tayyorgarlikdan o‘tgach, Donetsk viloyatida joylashgan harbiy bo‘linmada xizmat qilgan va jangovar hududlarda Rossiya harbiylariga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bergan. Shu tariqa, u 8 oy davomida Rossiya tomoni safida urush harakatlarida qatnashgan.
2025-yil avgust oyida xizmatni tark etgan A.Q. 28-avgust kuni Moskva—Farg‘ona yo‘nalishidagi reys orqali O‘zbekistonga qaytgan. DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida A.Q.ning yaqin qarindoshiga tegishli telefon tekshirilib, unda Telegram orqali yuborilgan A.Q.ning harbiy guvohnomasi, ovozli xabar va qurol ko‘targan holdagi fotosuratlar topilgan.
Sud qaroriga muvofiq, erkak Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (chet davlat qurolli kuchlarida xizmat qilish) va 57-moddasiga asosan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
- Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘zbekistonliklar
Pop tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 15-oktyabr kuni namanganlik 50 yoshli erkak Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida janglarda qatnashgani uchun sudlangan edi. U 2025-yil aprel oyida ish izlab Rossiyaga borgan va moliyaviy manfaat evaziga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan oddiy askar sifatida xizmat o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan. U Luganskda qisqa muddatli tayyorgarlikdan o‘tib, so‘ng Ukrainadagi jangovar hududga yuborilgan.
5-oktyabrda Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yana bir namanganlik erkak 2 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi. U 2023-yilning iyun oyilarida Qirg‘iziston orqali Rossiyaga mavsumiy ishlash uchun borgan. U Rossiyada biroz muddat ishlaganidan so‘ng federal migratsiya xizmati idorasiga patent olish uchun borgan. Biroq idora xodimlari patent berilmasligini, ammo urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolasa, unga Rossiya fuqaroligi berilishini va Rossiyada ishlashi mumkinligini aytgan.
Shuningdek, Jizzaxda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan oʻzbekistonlikka hukm oʻqilgan. Sudlanuvchi 2023-yilda Rossiyaga ishlab pul topish uchun joʻnab ketgan. Biroq moddiy manfaat koʻzlab Samara viloyatida harbiy xizmatni oʻtash boʻyicha shartnoma tuzgan va bir yil davomida Ukrainaning vaqtincha bosib olingan Lugansk va Donetsk viloyatlarida qurolli toʻqnashuv va harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
- Halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin. “Xochu jit” loyihasi Rossiya armiyasiga yollanib, halok bo‘lgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsiga aniqlik kiritgan.
Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki qilayotgan kamida 2 715 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-shariflari e’lon qilingan. Ularning soni yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2023-yilda 498 nafar, 2024-yilda yana 941 nafar o‘zbekistonlik Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan. 2025-yilning birinchi yarmida esa 1 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Rossiya armiyasi tarkibida urushga yo‘l olgan.
Harbiy asirlar orasida ham O‘zbekiston muntazam ravishda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
- O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.
Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan, chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.








