Uch oy davomida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tarafida qatnashgan andijonlik fuqaro uch yilga qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Aniqlanishicha, 1987-yilda tug‘ilgan S.X. 2025-yilning aprel oyida yo‘llarni ta’mirlovchi korxonada ishlash uchun Novosibirsk shahriga borgan. 1-iyun kuni sheriklari bilan birga ishdan qaytayotganida yo‘lda uni militsiya xodimlari to‘xtatib, ichki ishlar bo‘limiga olib borishadi va hujjatlarini tekshirishadi.
Tergov materiallarida qayd etilishicha, S.X. 15-iyundan 22-avgustga qadar Lugansk va Donetsk shaharlari atrofidagi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etgan. Avgust oyida u o‘ziga biriktirilgan rahbarlariga qilingan ishlar haqida axborot berayotganida qo‘lida ushlab turgan granata portlagan. Oqibatda uning chap qo‘li kichik barmog‘i uzilib ketgan va shifoxonaga yotqizilgan. Bir yarim oy davomida avval Lugansk va Volgograd shaharlarida harbiy gospitallarda davolanib, sog‘lig‘i qisman tiklanganidan so‘ng Moskva orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan. S.X. urushda qatnashganligi uchun 800 ming rubl maosh olgan.“Xodimlar menga noqonuniy mehnat qilayotganligimni aytishib, qandaydir hujjatlarga qo‘l qo‘ydirishib, ertasiga meni Rostov viloyatiga olib ketishdi. U yerda menga imzo qo‘yilgan hujjatim Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma ekanligini aytishdi. Bir hafta davomida Rostovda joylashgan harbiy o‘quv poligonlarida jangovar tayyorgarlikdan o‘tib, o‘q otish, harbiy taktika va quroldan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdim va Donesk viloyatiga yuborildim”,- dedi S.X. sud majlisida.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumani sudi hukmi bilan S.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan JKning 57-moddasi qo‘llangan holda 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
- Ukrainaga qarshi jang qilgan o‘zbekistonliklar
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudida Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilgan 26 yoshli fuqaro 34 million so‘m jarimaga tortilgandi. Pop tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 15-oktyabr kuni namanganlik 50 yoshli erkak Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida janglarda qatnashgani uchun sudlangan edi. U 2025-yil aprel oyida ish izlab Rossiyaga borgan va moliyaviy manfaat evaziga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan oddiy askar sifatida xizmat o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan. U Luganskda qisqa muddatli tayyorgarlikdan o‘tib, so‘ng Ukrainadagi jangovar hududga yuborilgan.
5-oktyabrda Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yana bir namanganlik erkak 2 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi. U 2023-yilning iyun oyilarida Qirg‘iziston orqali Rossiyaga mavsumiy ishlash uchun borgan. U Rossiyada biroz muddat ishlaganidan so‘ng federal migratsiya xizmati idorasiga patent olish uchun borgan. Biroq idora xodimlari patent berilmasligini, ammo urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolasa, unga Rossiya fuqaroligi berilishini va Rossiyada ishlashi mumkinligini aytgan.
- Halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Vafot etganlar va bedarak yo‘qolganlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin. “Xochu jit” loyihasi ularning shaxsiga aniqlik kiritgan.Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki qilayotgan kamida 2 715 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-shariflari e’lon qilingan. Ularning soni yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2023-yilda 498 nafar, 2024-yilda yana 941 nafar o‘zbekistonlik Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan. 2025-yilning birinchi yarmida esa 1 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Rossiya armiyasi tarkibida urushga yo‘l olgan.
- O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lishga olib keladi.Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.








