AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden amaldagi rahbar Donald Trampni mamlakatni uyatga qo‘yishda aybladi. U bu haqda Demokratik partiyaning Omaxadagi tadbirida so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.
Baydenning ta’kidlashicha, Tramp amerikaliklar unga emas, balki u amerikaliklarga xizmat qilayotganini anglab yetishi kerak.
AQSH ma’muriyatining sobiq rahbari Oq uy binosining sharqiy qanoti yaqinda buzib tashlanganini Trampning butun mamlakatga bo‘lgan munosabati bilan taqqoslagan.“Janob prezident, shuni tushunishingizni xohlayman: siz bizga xizmat qilasiz, biz sizga emas. Siz faqat milliarderlar va millionerlar uchun emas, balki bizning manfaatimiz uchun ishlaysiz. Men g‘azabdaman. Bu yerda demokratiya hukm suradi, demokratiyada shohlar bo‘lmaydi, uning xatti-harakatlari bizni davlat sifatida sharmanda qilmoqda”, - dedi Bayden 7-noyabr kuni Nebraska shtatining Omaxa shahrida bo‘lib o‘tgan Demokratik partiya tadbirida.
Uning fikricha, Tramp “konstitutsiya, qonun ustuvorligi va demokratiya” bilan ham xuddi shunday munosabatda bo‘lmoqda.“Oq uyning sharqiy qanotiga nima qilganini ko‘rdingizmi? Bu uning prezidentlik muddatining ajoyib ramzidir”, deb AQSHnin sobiq rahbari.
Avgust oyida Bayden Tramp davrida AQSHni qora kunlar kutayotganini aytgandi.
Iyul oyida Bayden ba’zi Yevropa yetakchilari unga qo‘ng‘iroq qilib, hozirgi siyosiy jarayonga “qo‘shilishni” so‘rayotganini bildirgandi.
Bundan oldin AQSH prezidenti Donald Tramp Baydenni AQSH tarixidagi eng yomon prezident deb atagan, shuningdek, boshqa sobiq prezidentlar — Barak Obama va kichik Jorj Bushni ham tanqid qilgan edi. Tramp faqat o‘zigagina yuqori baho bergan.
5-iyun kuni Tramp Baydenning sog‘lig‘i bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. Xususan, u sobiq prezident yordamchilarining uning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni yashirgan-yashirmaganini aniqlashni istadi. Shuningdek, Amerika rahbari demokrat yordamchilarining hujjatlarni imzolash uchun avtomatik qalam ishlatgan-ishlatmaganini tekshirishni ham buyurdi.








