Daryo

Farg‘onada 1,4 mlrd so‘mlik subsidiya o‘zlashtirib yuborilgani aniqlandi

335 mln so‘mlik subsidiya mablag‘lari asossiz ajratilgan. Xususan, 6 nafar fuqaro nomiga ikki marotaba, yaʼni takroriy tarzda jami 34,9 mln so‘mlik subsidiya mablag‘lari qaror talablariga zid ravishda ajratilgan.

2 daqiqa o‘qish1 939 ko‘rishlar0 izoh0

Farg‘ona viloyatida 1,4 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-iyuldagi qarori asosida ajratilgan subsidiya mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi bo‘yicha Farg‘ona viloyatida o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, 2023—2024-yillar davomida tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan jami 9,3 mlrd so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lardan 1,4 mlrd so‘mlik qismi o‘zlashtirib yuborilgan.

Jumladan:

  • Uchko‘prik tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 37 nafar kasanachiga 309,4 mln so‘mlik;
  • Rishton tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 42 nafar kasanachiga 277,2 mln so‘mlik;
  • Bag‘dod tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 54 nafar kasanachiga 275,0 mln so‘mlik;
  • Beshariq tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 33 nafar kasanachiga 192,4 mln so‘mlik;
  • Qo‘qon shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 17 nafar kasanachiga 160,5 mln so‘mlik asbob-uskunalar yetkazib berilmagan.
  • Farg‘ona tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 14 nafar kasanachiga 106,3 mln so‘mlik;
  • Farg‘ona shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 15 nafar kasanachiga 98,0 mln so‘mlik;
  • Dang‘ara tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 7 nafar kasanachiga 51 mln so‘mlik;
  • Shuningdek, jami 335 mln so‘mlik subsidiya mablag‘lari asossiz ajratilgani aniqlandi.

Xususan, 6 nafar fuqaro nomiga ikki marotaba, yaʼni takroriy tarzda jami 34,9 mln so‘mlik subsidiya mablag‘lari qaror talablariga zid ravishda ajratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-maydagi qarori asosida viloyat bo‘yicha tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 47 nafar fuqaroga asbob-uskunalar xaridi yo‘nalishida avval subsidiya mablag‘i olgan bo‘lishiga qaramasdan, takroran jami 300,1 mln so‘m subsidiya ajratilgan.

Qaror talabi bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan subsidiya mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring tadbirlari orqali nazorat qilib borish ishlarida ham masʼuliyatsizlik va qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

To‘plangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 1000 dan ortiq manfaatlar toʻqnashuvi va nepotizm aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgani haqida xabar berilgandi. Joriy yilning iyul holatiga koʻra, vazirlik tizimida moliya va iqtisodiyot sohasi boʻyicha faoliyat yurituvchi 1 280 nafar xodimda shu kabi holatlar qayd etilgan.

Bunday vaziyatlarning 134 tasi Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Respublika davolash-profilaktika muassasalari, 347 tasi hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot boʻlimlarida hamda 796 tasi vazirlik tizimidagi boshqa tibbiyot va davolash-profilaktika muassasalari hamda tizim tashkilotlarida aniqlandi.

Shuningdek, Andijonda 25 nafar ayolning nomiga soxta hujjatlar rasmiylashtirib, subsidiya mablagʻlarini talon-toroj qilgan mansabdorlar aniqlangan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar