Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2050-yilgacha hokimiyatda qolishni xohlaydi. Bu haqda surishtiruv jurnalisti Ilya Davlyatchinga tayanib, Daily Star xabar berdi.
Jurnalistning aytishicha, Iosif Stalin davridan beri Kremlni eng uzoq muddat boshqarayotgan 73 yoshli Putin hokimiyatni 97 yoshgacha saqlab qolishni istaydi. Shundan soʻng ehtimol uni o‘g‘li Ivanga topshirmoqchi. Ivan hozirda 10 yoshda, 2050-yilga kelib esa 35 yoshga to‘ladi.
2020-yilda Putinning prezidentlik muddatlarini “nolga tushirish” bilan o‘zgartirilgan amaldagi konstitutsiya unga 2036-yilgacha, ya’ni 83 yoshgacha prezidentlik lavozimini egallash imkonini beradi.
Putin allaqachon hokimiyatda bo‘lish muddati bo‘yicha Pinochet (17 yil), Kim Chen Ir (17 yil), Benito Mussolini, Indoneziya prezidenti Suxarto (20 yil) va Ruminiyani 24 yil boshqargan Nikolae Chausheskudan o‘zib ketgan. Putin beshinchi muddati oxirida Mao Szedunni ortda qoldirishi, oltinchi muddatda esa har biri 36 yildan hukmronlik qilgan Fransisko Franko (Ispaniya) va Antonio di Salazarga (Portugaliya) yetib olishi mumkin.
Agar Putin 2050-yilgacha hokimiyat tepasida qolsa, u Muammar Kaddafiy (42 yil), Kim Ir Sen (46 yil) va Fidel Kastroni (49 yil) ortda qoldirib, Rossiyada Ivan Grozniy davridan beri eng “uzoq hukmronlik qilgan” rahbarga aylanadi. Ivan Grozniy 50 yil hukmronlik qilgan.
2024-yil The Times gazetasi vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Putin atrofidagilar Rossiya prezidentining umrini uzaytirish masalalari bilan faol shug‘ullanayotganini yozgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga esa sentyabr oyida qarishga qarshi kurash bo‘yicha barcha mavjud ilmiy ishlanmalarni zudlik bilan to‘plash topshirilgan.
“Qarilikka qarshi dori” loyihasiga Putinning yaqin do‘stlaridan biri, Kurchatov nomidagi ilmiy-tadqiqot yadro institutini boshqarayotgan 77 yoshli Mixail Kovalchuk rahbarlik qilmoqda. Bundan tashqari, loyihada Putinning katta qizi, shifokor-endokrinolog Mariya Vorontsova ham ishtirok etmoqda.







