Daryo

Moskvada 40 dan ortiq havo hujumidan mudofaa tizimi minorasi o‘rnatildi

Manbalar Rossiya prezidenti suiqasd ehtimolidan xavotirdaligini aytmoqda. Putinga yaqin xodimlarga telefon va internetga ulangan har qanday qurilmadan foydalanish taqiqlangan. Ukraina paradda dronlar uchirishini istisno etmagandi.

2 daqiqa o‘qish6 526 ko‘rishlar0 izoh8

Rossiya hukumati Ukrainaning hujum tahdidlari fonida Moskvaga 40 dan ortiq qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimi minorasini o‘rnatdi. Bu haqda Bild xabar berdi.

Poytaxt atrofida bosqichma-bosqich havo hujumidan mudofaa tizimi shakllantirilmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, 2025-yilda shahar yaqinida “Pantsir-S1” zenit-raketa tizimlari (ZRPK) o‘rnatilgan qo‘shimcha 43 ta minora qayd etilgan. Gap sovet davridagi 50 kilometr radiusga ega “kichik halqa” havo mudofaasi tizimini qayta tiklashni davom ettirish haqida ketmoqda. Bu tizim sovuq urush davrida amalda qo‘llanmagan.

Tizimlar Markaziy halqa avtomobil yo‘li va unga parallel bo‘lgan “kichik betonka” yo‘li bo‘ylab joylashtirilmoqda. Mudofaa vositlari boshqa hududlardan ham olib kelinmoqda. Bu esa rasmiylar aynan Moskvani himoya qilishga e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi.

2025-yilda “Pantsir”larning yangi pozitsiyalari Zelenograd va Podolsk yaqinida, Gjeli tumanidagi Markaziy halqa avtomobil yo‘li kesishmasida, Naro-Fominsk yaqinidagi sobiq radiotexnika markazi hududida hamda Mashinasozlik ilmiy-tadqiqot instituti poligoni yaqinida paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlari yaqinida bir nechta zenit-raketa tizimlari o‘rnatildi.

Dronlar tahdidi Putinning xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirishga majbur qildi

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya rahbari safarlarini keskin qisqartirgan, prezidentning eng yaqin apparati xodimlariga esa telefon va internetga ulangan har qanday qurilmadan foydalanish taqiqlangan.

“Putin suiqasdlardan qo‘rqadi va dronlar ehtimoliy hujum vositasi sifatida ko‘rilmoqda. Shu sababli u tobora ko‘proq vaqtini yerosti bunkerlarida o‘tkazmoqda”, deya ta’kidladi nashr suhbatdoshlari.

May oyi boshida Putin havo va raketaga qarshi mudofaa qo‘shinlarini o‘z ichiga olgan Rossiya havo-kosmik kuchlari qo‘mondonini almashtirgani ma’lum bo‘ldi. General Viktor Afzalov o‘rniga bu lavozimga general-polkovnik Aleksandr Chayko tayinlandi. Kadrlar o‘zgarishi havo hujumidan mudofaa kuchlari qaytara olmagan bir qator dron hujumlaridan keyin sodir bo‘ldi.

4-may kun Kremldan taxminan 6,5 kilometr uzoqlikda joylashgan turar joy majmuasiga dron kelib urilgandi. Mazkur voqealar fonida Zelenskiy dronlar Moskvadagi paradda hujum qilishi mumkinligini istisno etmadi. U bu yilgi yoz “Putin uchun hal qiluvchi palla” bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar