Putin Gʻarb Rossiyani parchalamoqchi boʻlayotgani haqida gapiradi. Pekin bilan munosabatlarda esa hech qanday chegara yoʻqligini taʼkidlaydi. Ammo Rossiya Federal xavfsizlik xizmati, yaʼni “FSB” boshqacha fikrda. Xakerlar tomonidan sizdirilgan maʼlumotlarga koʻra, tashkilot Xitoyni xavf, balki dushman deb biladi. Mamlakat boʻylab xitoyliklarga ishlashda gumonlangan olimlar, muhandislar va hatto tadbirkorlar hibsga olingan.
Bu bejiz emas. Soʻnggi yillarda Rossiyaning Xitoyga bogʻliqligi keskin ortdi. Bunga Ukrainaga qarshi urush hamda uning oqibatlari sabab. Gʻarbning Moskvani ixotalashga qaratilgan cheklovlari bois Kreml oʻz vektorini sharqqa qaratishga majbur boʻldi. Bu siyosat markazida asosan Xitoy turadi.
Chin yurti ruslardan oʻnlab milliard dollarlik energetika mahsulotlari sotib oladi. Rossiya esa, oʻz navbatida, Xitoydan pulga chaqish mumkin boʻlgan hamma narsani xarid qiladi. Jumladan, harbiy maqsadlar uchun moʻljallangan mahsulotlarni ham. Boshqacha aytganda, xitoyliklar ishlab chiqargan komponentlarsiz rus raketalari uchmaydi, dronlari esa havoga koʻtarilmaydi.
Ammo qiyin vaqtlarda koʻrsatilgan bu yordam Moskva uchun ancha qimmatga tushyapti. Yevropa Ittifoqidek boy mijoz bilan munosabatlar buzilgach, Xitoy Rossiya neft-gazi uchun asosiy xaridorga aylandi. Raqamlar tili bilan aytsak, 2024-yilda xitoyliklar qoʻshnisidan qariyb 63 milliard dollarlik qora oltin sotib olgan. Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlanishidan bir yil avval bu koʻrsatkich 40 milliard dollarni tashkil etgan edi.
Gaz bilan ham xuddi shu tendensiyani kuzatish mumkin. 2021-yili Rossiya Xitoyga quvurlar orqali 10,4 mlrd metr kub miqdorda zangori olov yetkazib bergan boʻlsa, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkich uch barobar ortgan. Shu bilan birga, xitoyliklar qoʻshnisidan suyultirilgan gaz sotib olishni ham oshirgan. Umumiy qilib aytganda, mazkur ikki yoʻnalish oʻsha yili Rossiyaga 13 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. Ammo asosiy masala ruslar ittifoqchisiga uglevodorodlar eksportini muntazam ravishda oshirib borayotganida emas, balki yirik chegirmalar qoʻllashga majbur boʻlayotganida.
Bloomberg hamda Reuters agentliklariga koʻra, Rossiya gazni Xitoyga Yevropaga sotganidan 25-40 foiz arzonroqqa yetkazib beryapti. Neftning esa har bir barreliga 4-12 dollar miqdorda diskont qoʻllashga majbur boʻlyapti. Hozirgi sharoitda bir yarim milliard aholiga ega bu ulkan bozorning oʻrnini hech kim bosa olmaydi. Shu bois Kremlning mamlakat manfaatlariga jiddiy zarba beradigan mana shunday shartlarga koʻnishdan boshqa chorasi yoʻq.
“Sibir kuchi 2” loyihasi muzokaralarda kimning pozitsiyasi balandligini tushunishga yordam beradi. Mazkur loyiha Rossiyaning Yamal yarimorolidan Xitoyga quvur tortishni koʻzda tutadi. Agar u amalga oshsa, ruslar yana 50 mlrd metr kub miqdorda gaz eksport qilish imkoniga ega boʻladi. Ammo masalaning nozik tomonlari bor. Xitoy ittifoqchisidan zangori olovni ichki bozor narxlarida sotishni soʻragan. Bu ham yetmagandek, quvur tortib kelish, kompressorlar qurish kabi bir necha oʻnlab mlrd dollarga baholangan xarajatlarni ham rossiyaliklar zimmasiga yuklamoqchi.
Bir tarafdan hozir sanab oʻtilgan shartlar adolatsizdek tuyuladi. Ammo siyosatda qadriyat yoʻq. Kreml propaganda mashinasi qanchalar boʻrttirib koʻrsatmasin, Xitoy uchun bu loyiha ustuvor emas. Chunki mamlakat oʻz ehtiyojini Saudiya Arabistoni, Qatar kabi muqobil taʼminotchilar hisobiga qondirishi mumkin. Shu bois Pekin Rossiyadan yana bir quvur tortib kelishga oshiqmayapti. Moskva esa toki Yevropa bilan munosabatlarini tiklamas ekan, Xitoyning oʻrnini bosa oladigan xaridor topa olmaydi.
Bektosh Berdiyev. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent:
Birinchi navbatda, bular oʻrtasidagi iqtisodiy savdo munosabatlarining xususiyatlarini aytishimiz kerak, dinamikasini emas. Bu nimaga tayanadi? Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Yevropa Ittifoqining va Amerika Qoʻshma Shtatlarining sanksiyasiga duchor boʻldi. Bu sanksiyalar esa bugungi Rossiyaning ahvolini juda qiyinlashtirib, nihoyatda bir murakkab ahvolga olib kelib qoʻydi. Endi Rossiya uchun vaziyatdan chiqish kerak. Vaziyatdan chiqish uchun, albatta, u tashqi savdoda sheriklar topishi kerak, tashqi siyosatda sheriklar topishi kerak va hokazo.
Demak, tasavvur qiling, Rossiya ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish uchun, rivojlantira olmasa-da, mana shu tempda ushlab turish uchun ham turli xil texnologik va texnik resurslarga ehtiyoj sezadi. Nima uchun? Yevropa davlatlari ularga texnologiyani bermay qoʻydi, ilmiy innovatsiya bilan boʻlishmay qoʻydi va natijada Rossiyada juda katta ehtiyoj vujudga keldi. Va bu ehtiyojni qoʻshni davlatlar hisobiga qondirishga harakat qildi. Ma’lum ma’noda ushbu xalqaro sanksiyalarni qoʻrqmaydigan yoki qoʻrqsa-da, iqtisodiy riskning oʻrnini qoplay oladigan davlatlar bor. Masalan, bulardan bittasi Xitoy. Ya’ni bugun Xitoy Rossiya uchun eng asosiy savdo sherigiga aylandi, urushdan foydalanib. Endi Rossiyaga kirmay qoʻygan texnikaning, texnologiyaning, ilmiy innovatsiyaning yoki agrar sohadagi investitsiyalarning asosini bugun Xitoy olib kiryapti. Rossiyada boshqa variant yoʻq. Variantlar bordir, jiddiy emas, Xitoychalik emas.
Bu ikkisi oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarda neft va gaz markaziy rol oʻynaydi. Biroq munosabatlar ancha chuqur ildiz otib ulgurgan. Gʻarb kompaniyalari Rossiyadan chiqib ketgach hosil boʻlgan boʻshliqni asosan Xitoy toʻldirdi. Bu orqali mamlakat rus jamiyatida iste’mol mahsulotlari defitsitining oldini oldi. Qolaversa, oʻzining yuqori texnologik tovarlari bilan sanoat, kommunikatsiya hamda transport kabi qator tarmoqlarning falajlanishiga yoʻl qoʻymadi. Natijada Rossiya bozoriga Xitoy smartfonlari va kompyuterlaridan tortib, yengil va yuk avtomobillariga qadar shiddat bilan kirib keldi.
Xoʻsh, ikki davlat savdo munosabatlarini rivojlantirishining qanday salbiy tomoni bor deyishingiz mumkin. Gap shundaki, Pekin Moskva uchun asosiy taʼminotchiga aylanib boryapti. 2021-yili rossiyaliklar Xitoydan qariyb 70 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar sotib olgan. Bu, albatta, katta raqam. Biroq umumiy importning 25 foizini tashkil etgan. Oradan atigi ikki yil oʻtib esa koʻrsatkich 110 mlrd dollarga oshdi. Natijada Xitoyning importdagi ulushi 53 foizga yetdi.

Ammo gap savdo haqida ketganda, Rossiya Chin yurti uchun bu qadar muhim hamkor emas. 2023-yil holatiga koʻra, Rossiya Xitoy eksportida 3 foiz, importida esa 6 foiz ulushga ega. Albatta, bu yerda oʻnlab milliard dollarlar haqida gap ketyapti. Biroq xitoyliklar qoʻshnisining oʻrniga yangi bozorlar va taʼminotchilar topa oladi. Rossiyaliklar bilan esa vaziyat boshqacha. Qolaversa, Xitoy Rossiyaning eng taʼsirchan nuqtasi – harbiy sanoati uchun asosiy taʼminotchiga aylangan. Bloomberg xabariga koʻra, ruslar Ukrainaga qarshi qoʻllayotgan dronlarning taxminan 60 foiz komponentlarini xitoyliklar yetkazib bergan.
Bektosh Berdiyev. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Xitoy buyuk sivilizatsiyaga ega mamlakat. Xitoy har doim yetti emas, yetmish oʻlchab bir kesadigan mamlakat desak ham boʻladi. Davlat juda qattiq qiyinchiliklarni koʻraverib nihoyatda ehtiyotkor boʻlib qolgan. Shuning uchun ham bugun Rossiyani ochiqcha qoʻllab-quvvatlayotgani yoʻq. Yoʻq, siyosiy jihatdan ham maʼlum bir qoʻllab-quvvatlashlari boʻldi. Yaʼni, Xitoydagi juda katta taʼsirga ega boʻlgan mutasaddi shaxslarning intervyulari boʻldi, albatta. Lekin ochiqcha qoʻllab-quvvatlay olmayapti. Buning sababi Rossiya Xitoyning tashqi savdodagi 10 yoki 12-raqamli hamkoriga toʻgʻri keladi. Birinchisi Amerika Qoʻshma Shtatlari. Undan keyin, masalan, Germaniya, Yevropadagi koʻplab davlatlar, Janubiy Koreya, Yaponiya, Yaqin Sharq davlatlari va hokazo.
Lekin asosiysi, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Yevropa bozori bugungi kunda Xitoy uchun muhim. Shuning uchun Xitoy Rossiyani ochiqcha qoʻllab-quvvatlasa Amerika bozoridan ajralib qolishi mumkinligini o‘ylaydi. Yevropa bozoridan mosuvo boʻlib qolishim mumkin deydi-da, shu uchun Rossiyani iqtisodiy jihatdan koʻp tomonlama yashirin qoʻllab-quvvatlayapti. Bu Xitoyning, albatta, sharqona, bosiq va oʻziga xos ayyorona tashqi siyosati va diplomatiyasidir.
Moskva hamda Pekin munosabatlarida eng ogʻriqli masalalardan biri Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasi bilan bogʻliq. Mazkur hudud mamlakat yer maydonining taxminan 40 foizini tashkil qiladi. Ammo aholining atigi 5 foizi bu yerda yashaydi. Ularning ham salmoqli qismi etnik ozchiliklar boʻlib, bu mintaqani Moskva taʼsirida ushlashni qiyinlashtiradi.
Shunga qaramay, Uzoq Sharqning Rossiya iqtisodiyotidagi oʻrni beqiyos. Butun mamlakat oltinining 80 foizi, olmosning esa qariyb barchasi Yoqutistondan qazib chiqariladi. Rossiyaliklar isteʼmol qiladigan baliq mahsulotlarining 70 foizi Oхota, Berring dengizlaridan olinadi. Vladivostok, Naxodka va Vostochniy portlari orqali esa mamlakat tashqi savdosining chorak qismi oʻtadi. Boshqacha aytganda, saltanatning eng qimmatli resurslari aynan shu mintaqada joylashgan.
Ayrim rus faollari Alyaskani qaytarib olishdek puch orzular bilan andarmon yurgan bir vaqtda, xitoyliklar Rossiyaning ushbu mintaqasidagi resurslarni soʻrib olyapti. Xitoy Rossiya Uzoq Sharqini xomashyo bazasiga aylantirib, yogʻoch, koʻmir, temir rudasi va baliq mahsulotlarining ulkan manbasiga ega chiqqan. Kreml asosan yirik shaharlarda hayot koʻrsatkichlarini yuqori saqlab turishga intilgani bois chekka oʻlkalarda vaziyat yaxshi emas. Qoʻshni davlat tadbirkorlari bundan unumli foydalanmoqda.
2010-2014-yillar davomida xitoyliklar taxminan 600 ming gektar yerni qishloq xoʻjaligi uchun ijaraga olgan. Tasavvur qilish uchun, bu Xorazm viloyati hududiga teng. Mintaqada chek-chegarasiz resurslar bor, ammo ulardan foydalanish uchun yetarli odam yoʻq. Chegaraning narigi tomonida 100 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ular Rossiya Uzoq Sharqida tadbirkorlik bilan shugʻullanib, aholini ish bilan taʼminlaydi. Qolaversa, mahalliy ayollar bilan oila qurib, bu orqali kuchli taʼsirga ega chiqadi. Buning oldini olishi kerak boʻlgan erkaklarni esa Kreml urushga tashlagan.
Xitoy mintaqa resurslarini ekspluatatsiya qilish bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Vaqti-vaqti bilan hududiy daʼvolar ham yangrab turadi. Boisi Rossiya imperiyasi bu hududlarni XIX asrning ikkinchi yarmida qo‘lga kiritgan. Bu Sin imperiyasi “Afyun urushlari”da magʻlub boʻlib, inqirozga uchragan bir paytda sodir bo‘lgan. Ya’ni 1858-yilgi Aigun shartnomasi bilan Amur daryosining chap qirgʻogʻidagi ulkan hududlar Rossiyaga berildi. 1860-yilgi Pekin traktati bilan esa hozirgi Primorye va Xabarovsk oʻlkalarining janubiy qismlari ham toʻliq rossiyaliklar tasarrufiga oʻtdi. Natijada xitoyliklar bir million kvadrat kilometrga yaqin hududlaridan ayrildi.
Xitoy oʻsha vaqtlari bu kelishuvlarni imzolashda umumiy manfaatlardan kelib chiqilmaganini, balki Sin imperiyasi kuchli bosim ostida bunga rozi boʻlganini aytib, hujjatlarni adolatsiz deya baholaydi. Oʻtgan asrning 60-yillarida tomonlar bahsli hududlar ustidan bir necha bor qurolli toʻqnashuvga borgan. Faqatgina 2000-yillarga kelib, Kreml va Xitoy rahbariyati chegaralarni rasman aniqlashtirgan va “hududiy daʼvolar qolmagani”ni maʼlum qilgan.
Ammo shu bilan masalaga nuqta qoʻyilgani yoʻq. Xitoy darsliklari mazkur ikki shartnoma doirasida Rossiyaga oʻtgan yerlarni Tashqi Manchjuriya deb oʻrgatadi. Xitoylik bloger va millatchilar orasida Vladivostokni xitoycha “Xayshenvay” deb atash tez-tez kuzatiladi. Qolaversa, 2023-yili Xitoy Tabiiy resurslar vazirligi yangi rasmiy xarita eʼlon qildi. Yangi tartibga koʻra Rossiyaning 8 ta shahri nomi yoniga ularning tarixda qanday atalganini qoʻshib qoʻyish majburiy boʻldi. Bu davlat darajasidagi kichik, lekin ochiq signal edi.
Bektosh Berdiyev. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent:
Bilasizmi, tashqi siyosatda shunday bir ayyorlik bor. Harbiy yoʻl bilan oʻziga moyil hukumatlarni shakllantirish, turli xil guruhlarni shakllantirish va ular orqali harakat qilish — bu tashqi siyosatda keng oʻrin tutadi. Bu tashqi siyosatdagi qudratli davlatlarning muhim quroli. Lekin mening fikrimcha, Xitoyda bunga ehtiyoj yoʻq. Xitoy bugun Rossiya yerlaridan xohlagancha foydalana oladi, foydalana olyapti va kelajakda ham foydalana olishi mumkin. Uning uchun, albatta, Rossiya bilan harbiy nizoga borish shart emas. Chunki Xitoy koʻrib turibdiki, Rossiya borgan sari zaiflashyapti. Borgan sari aholisi kamayib ketyapti. Xitoy uchun bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar muhimroq. Rossiyadagi resurslar shunchaki Xitoyning yashab turishi uchun kerakli boʻlgan manba. Lekin Xitoy, aytmoqchimizki, butun Rossiyaning Sibiriga bogʻlanib qolgani yoʻq yoki Sibirni oʻzining tashqi siyosatidagi eng muhim ustuvor yoʻnalish sifatida ham koʻrayotgani yoʻq. Shunchaki tashlandiq hududlarga Xitoy fermerlari kelyapti, yerni xohlagancha olyapti, uni ishlatyapti va Rossiya tomoniga arzimagan soliqni toʻlab qoʻyish evaziga yerlardan juda keng miqyosda foydalanyapti. Ayniqsa, oʻrmon resurslaridan. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan boʻlsak, Xitoy Rossiyaga qarshi urush qilishi yoki u yerda turli xil guruhlarni qoʻllab-quvvatlash orqali maqsadiga erishishi shart emas. Xitoy shundoq ham juda katta imkoniyatga ega ekanligini bilib turibdi.
Xitoy nafaqat Rossiyadagi taʼsirini oshirmoqda, balki bir vaqtlar Moskva nazoratida boʻlgan hududlarda ham mavqeyini mustahkamlayapti. Qoʻpolroq aytganda, Pekin Kreml oʻzining orqa hovlisi deb bilgan hududlarga bosh suqyapti. Xususan, Markaziy Osiyoga. Biroq Rossiyadan farqli, xitoyliklar buni ancha yumshoq usulda, yaʼni investitsiyalar, imtiyozli kreditlar va qoʻshma loyihalar bilan amalga oshirmoqda. Postsovet makonidagi taʼsiri soʻnib borayotgan, bor resurslarini Ukrainani bosib olishga sarflayotgan Rossiya bunga qarshi hech narsa qila olmayapti. Yaʼni mintaqa davlatlari sobiq metropoliya taʼsiridan chiqib boryapti.
Bektosh Berdiyev. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent:
Putin va Si Szinpin abadiy doʻstlik uchun qadah koʻtarib, yangi dunyo tartibi haqida bayonotlar berayotgan bir vaqtda, parda ortidagi jarayonlar ancha faollashgan. Har ikkala tomonning razvedka hamda kontrrazvedka xizmatlari faol raqobat olib boryapti. The New York Times nashri xakerlar tomonidan sizdirilgan hujjatlarga tayanib xabar berishicha, FSB Pekinning Rossiya Uzoq Sharqiga boʻlgan qiziqishlaridan ogohlantirgan.Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiyaning manfaatlari toʻqnashayotgani tabiiy. Ilgari mintaqa siyosiy jihatdan butunlay Rossiyaning manfaatlari mavjud boʻlgan hudud sifatida qaralgan boʻlsa, bugun Xitoy ham kirib kelyapti. Buni koʻrib turibmiz. Oʻzingiz ham taʼkidlab oʻtdingiz, Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun maqbul boʻlgan iqtisodiy loyihalar bilan kirib kelyapti, siyosiy loyihalar bilan emas. Yaʼni, investitsiya olib kiryapti, odamlarni ish bilan taʼminlayapti, zavodlar, fabrikalar ochyapti, turizm rivojlanyapti.
Markaziy Osiyoga bugun nima kerak? Beshta mamlakat oʻzining iqtisodiyotini toʻliq modernizatsiya qilishi uchun texnika kerak, texnologiya kerak, investitsiya kerak, kapital kerak. Shu bilan birgalikda ilm-fan, innovatsiya, mablagʻ, kredit kerak. Buni esa Rossiya bera olmaydi, chunki Rossiyaning oʻzi bunga muhtoj boʻlib turibdi. Lekin u baribir siyosiy jihatdan katta taʼsirga ega. Xitoy esa katta siyosatga jiddiy aralashayotgani yoʻq hozircha, lekin jiddiy investitsiya bilan kirib kelyapti va Markaziy Osiyo davlatlarining koʻpchiligini hattoki oʻziga qarzdor davlatlarga aylantirib qoʻyyapti. Va bu holat kelajakda Xitoy tomonidan katta shartlarning qoʻyilishiga sabab boʻlishi mumkin.
Boshqa tomondan, Ukraina urushi koʻp narsani hal qiladi. Agar urush tobora jiddiylashadigan boʻlsa va Rossiya bu yerda katta xavflarga, katta yoʻqotishlarga duch keladigan boʻlsa, Markaziy Osiyoni ushlab tura olmaydi. Rossiya, masalan, Ukraina, Belarusdan ajralishi mumkin. Lekin Markaziy Osiyodan ajraladigan boʻlsa, Moskva oʻzining imperiya qudratini yoʻqotadi. Va aynan bu narsa Xitoyga kerak. Shuning uchun ham Xitoy hozircha ehtiyotkorlik bilan, siyosiy motivlarni tilga ham olmasdan, shunchaki iqtisodiy loyihalar bilan Markaziy Osiyoga kirib kelyapti va bunday holatda baribir iqtisodiy soha muhim rol oʻynaydi. Rossiya siyosiy taʼsirni qanchalik saqlab qolishga harakat qilmasin, Xitoyning iqtisodiy loyihalari, albatta, bu yerda Markaziy Osiyo davlatlariga maqbul kelyapti.
Hisobotdan maʼlum boʻlishicha, 2022-yildan soʻng Xitoy maxsus xizmatlari rossiyalik amaldorlar, ekspertlar, jurnalistlar va Kremlga yaqin tadbirkorlarni oʻziga ogʻdirish uchun faol harakat qila boshlagan. Bundan maqsad Rossiya harbiy sanoat kompleksi sirlari, Ukraina urushidan olingan koʻnikmalar hamda Gʻarb qurollariga qarshi turish tajribasini oʻrganish boʻlgan. Bundan tashqari, Xitoy dunyoning turli qismlarida oʻz manfaatlarini ilgari surish uchun Vagner kabi xususiy harbiy kompaniya tuzishga ham qiziqish bildirgan.
Xitoy bilan munosabatlar iliqlashib borayotgan bir vaqt Rossiyaning yetakchi olimlari “davlatga xiyonat” ayblovi bilan hibsga olingani ham bu kabi daʼvolarni tasdiqlaydi. Aleksandr Lukanin, Aleksandr Shiplyuk hamda Valeriy Mitko kabilar shular jumlasidan. Umuman olganda, soʻnggi yillarda FSB gipertovushli raketalar sohasida ishlaydigan 12 nafardan ortiq olimni maxfiy maʼlumotlarni Xitoyga sotish ayblovi bilan qamagan.
Albatta, bularning barida qaysidir maʼnoda mubolagʻa boʻlishi mumkin. Lekin Rossiya armiyasi Donbassning allaqaysi qishlogʻini egallash uchun bir necha oy sarflayotgan bir vaqtda, Xitoy Rossiyani oʻzining tabiiy resurslar bazasiga aylantirayotgani, Sibirning millionlab kvadrat kilometr hududlarida iqtisodiy taʼsirini kuchaytirib olayotgani endi sir emas. Geosiyosiy sharoit taqozosi sabab Putin va Si Szinpin oʻrtasidagi munosabatlar tobora qalinlashib boryapti. Ammo bu abadiy doʻstlik kafolati boʻla olmasligini tushunish uchun uzoqqa borish shart emas, oʻtgan asrga qarash kifoya. Sovet Ittifoqi hamda Xitoy Stalin va Mao Szedunning shaxsiy munosabatlari sabab qalin ittifoqchilar edi. Moskvada hokimiyat oʻzgargach, bu davlatlar urush yoqasiga kelib qoldi. Mazkur ssenariy XXI asrda ham takrorlanmasligiga hech kim kafil bo‘la olmaydi.
Humoyun Tojiddinov tayyorladi







