Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniya kelishuvlarga muvofiq “Patriot” havo mudofaa tizimlarini mamlakatga topshirganini ma’lum qildi. Bu haqda The Kyiv Independent xabar berdi.
“Bugun biz havo mudofaasida ijobiy natijaga erishdik — Ukrainaga yana bir qancha ‘Patriot’ tizimi yetkazib berildi. Germaniya kansleri Olaf Sholsga, Germaniya xalqiga va yordam bergan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Kelishuvlarimiz bajarildi — yangi tizimlar allaqachon Ukrainada, biz ularni ishga tushiryapmiz”, degan Zelenskiy 2-noyabr kungi murojaatida.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius sentyabr oyida Ukrainaga 2025-yil oxirigacha ikki dona “Patriot” tizimi yetkazib berilishiga va’da bergan edi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi havo hujumlari 2025-yil bahoridan beri yanada kuchaymoqda. Qish arafasida Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalarni ko‘paytirgani oqibatida yirik blekautlar (elektr energiyasining o‘chirilishi) tez-tez kuzatilmoqda.
“Rossiyaning havo hujumlari — Putinning bu urushdagi asosiy garovi. U terror orqali yerda erisha olmayotgan maqsadlarini qoplashga urinmoqda. Shu sabab, havo mudofaamizni har safar kuchaytirish — urush yakuniga yaqinlashish demak”, degan Zelenskiy.
AQSHda ishlab chiqarilgan “Patriot” tizimi radar, boshqaruv markazi, raketa uchirish qurilmalari va aloqa hamda energiya ta’minot uskunalaridan iborat. Bitta batareya odatda 4–8 ta uchirgichga (launcher) ega bo‘lib, ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, samolyotlarni nishonga ola oladi. Dunyo bo‘ylab bunday ilg‘or havo mudofaa tizimlari kam ishlab chiqariladi — ayrim qismlarni tayyorlashga yillar ketadi.
Germaniya ilgari ham Ukrainaga uchta “Patriot” tizimini yetkazib bergan edi. Yangi tizimlar AQSH ishlab chiqaruvchisi bilan tuzilgan tezkor yetkazib berish bitimi asosida taqdim etilgan. Mazkur bitim AQSH prezidenti Donald Tramp yozda e’lon qilgan PURL (Priority Ukraine Requirements List) dasturi doirasida amalga oshmoqda. Bu dastur orqali NATO va Yevropa Ittifoqi a’zolari Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqarilgan qurol tizimlarini Ukraina uchun xarid qiladi.








