Daryo

Saudiya Ukrainadan zenit raketalar sotib oladi

Mamlakat Eronning arzon dronlariga qarshi kurashishda AQSHning million dollarlik tizimlaridan voz kechib, Kiyevning hamyonbop texnologiyalariga tayanmoqchi.

2 daqiqa o‘qish5 636 ko‘rishlar0 izoh8

Saudiyaga tegishli qurol-yarog‘ kompaniyasi Ukrainada ishlab chiqarilgan raketa tutib oluvchi, ya’ni zenit raketalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Kyiv Independent nashri Ukraina mudofaa sanoatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Ukraina mudofaa sanoatining ikki nafar manbasi xabariga ko‘ra, ayni damda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida yirik kontraktlar muhokama qilinmoqda. Manbalardan biri 11-mart kuni Saudiya va Ukraina o‘rtasida ulkan kelishuv imzolanishi kutilayotganini bildirdi.

Ikkinchi manbaning ta’kidlashicha, Ukrainada ishlab chiqarilgan zenit raketalari bo‘yicha shartnoma allaqachon imzolangan bo‘lib, unda Saudiya qurol ishlab chiqaruvchisi mahalliy vositachi sifatida ishtirok etmoqda. Hozircha Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi va uning Kiyevdagi elchixonasi bu boradagi so‘rovlarga javob bermadi.

Nega aynan Ukraina texnologiyasi?

AQSH va Isroilning Tehronga qarshi urushi fonida Eronning qo‘shni Fors ko‘rfazi davlatlariga havo hujumlari ballistik raketalar va Shahed dronlariga qarshi kurashish uchun harbiy texnikaga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirib yubordi.

Mavjud muammo shundaki, AQSHning Patriot kabi havo mudofaa tizimlari bir necha million dollar turadi. Arzon narxdagi (bir necha o‘n ming dollarlik) dronlarni urib tushirish uchun millionlab dollarlik raketalarni sarflash iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi. Ukrainaning arzon interseptor texnikalari esa bu borada eng maqbul yechim bo‘lib ko‘rinmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 5-mart kungi brifingda shunday degan edi:

“Ukrainada hujumlarni qaytarish uchun hech qachon bunchalik ko‘p raketa bo‘lmagan. So‘nggi uch kunning o‘zida 800 tadan ortiq raketa ishlatildi”.

O‘sha kuni kechqurun Zelenskiy Telegram kanalida AQSHdan Yaqin Sharqni Shahed dronlaridan himoya qilishda aniq yordam so‘rab murojaat kelib tushganini yozdi. Prezident zarur vositalarni yetkazib berish va xavfsizlikni kafolatlay oladigan ukrainalik mutaxassislar ishtirokini ta’minlashga buyruq berganini ma’lum qildi.

Hozirda Isroil “Temir gumbaz”ga, Fors ko‘rfazi davlatlari esa Janubiy Koreyaning Cheongung-II, AQSHning THAAD va Patriot tizimlariga tayanmoqda. Biroq ushbu tizimlar uchun o‘q-dorilar tanqisligi va narxi Ukrainani asosiy yetkazib beruvchiga aylantirishi mumkin.

Triada Trade Partners tahliliy markazi rahbari Bogdan Popovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlar Ukrainadan texnologiya sotib olish yoki ukrainalik instruktorlarni yollashga qiziqish bildirmoqda:

“Hozircha eksport bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Fors ko‘rfazi davlatlari elchilari muzokaralarni boshlash uchun hukumatimizga murojaat qildi”.

Bundan oldin Zelenskiy 11 ta davlat, jumladan, Eron bilan qo‘shni mamlakatlar, Yevropa davlatlari va AQSH Ukrainadan Shahed tipidagi dronlarga qarshi kurashda yordam so‘raganini aytgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar