Daryo

Shavkat Mirziyoyev 3-4-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Qatarga boradi

O‘zbekiston prezidenti Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan, Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi jahon sammitida ishtirok etadi.

1 daqiqa o‘qish2 986 ko‘rishlar0 izoh2

Shavkat Mirziyoyev 3-4-noyabr kunlari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi jahon sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qatar davlatiga boradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan ushbu sammitga taklif qilingan.

Tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud tafovutlarni bartaraf etish, Ijtimoiy rivojlanish to‘g‘risidagi Kopengagen deklaratsiyasining maqsad va tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy strategiyalarni takomillashtirish va jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolati va inklyuzivligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha jahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platforma bo‘lishga qaratilgan.

Forumning asosiy maqsadi qashshoqlikka barham berish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faollashtirish, to‘liq va samarali bandlikka ko‘maklashish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda zamonaviy tahdidlar va o‘zaro bog‘liqlik sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat.

Sammit yakunida barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida xalqaro sheriklikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgan Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash uchun Bryusselga borgandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar