O‘zbekiston Xitoy bilan gazni yer ostida saqlash inshootini qurishi kutilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Energetika vazirligida Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) raisi Day Xoulyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va CNPC rahbari Day Xoulyan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollarini muhokama qildi.
Suhbat chog‘ida “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvuri qurilishi, Buxoro viloyatidagi gaz kondensat konlarini o‘zlashtirish loyihalari, gazni yer ostida saqlash inshootini barpo etish, yangi konlarni ishga tushirish va neft-gaz sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Dunyoning har tomonlama eng yirik mamlakatlaridan biri bo‘lgan Xitoy tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyo hisoblanadi. Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining uchta liniyasi orqali tabiiy gaz yetkazib berish, shuningdek, Qozog‘iston – Xitoy neft quvuri orqali neft yetkazib berish Xitoyning energetik xavfsizligini taʼminlashga muhim hissa qo‘shmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar
O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari uzoq tarixga ega va Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi, bir paytlar O‘rta qirollik savdosining asosiy qismi bu yo‘l orqali o‘tgan. Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlar bozorlarida Xitoy shoyi, qog‘oz, choy va boshqa mahsulotlar uzoq vaqt hukmronlik qilgan.
XXR O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. Diplomatik munosabatlar 1992-yil 2-yanvarda o‘rnatilgan. 2012-yil 6-iyunda strategik sheriklik, 2016-yil 22-iyunda keng qamrovli strategik sheriklik, 2022-yil 15-sentyabrda yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatildi.








