Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari faoliyatini muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholashning namunaviy tartibi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, KPI maxsus platforma orqali har yil uchun ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda choraklar va yil yakuni boʻyicha baholanadi. Shuningdek, hokimlik xodimlar faoliyati samaradorligini baholashni tashkil etish va monitoring qilish boʻyicha masʼul tarkibiy tuzilmalar belgilangan.
Samaradorlik koʻrsatkichlari Qoraqalpogʻiston Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xodimlarining KPI natijalari har yili 15-yanvarga qadar tegishli rahbarlar tomonidan, tuman (shahar) hokimliklar ishchilarining samaradorlik koʻrsatkichlari esa har yili 25-yanvarga qadar hokimliklar tomonidan tasdiqlanadi.
Reyting natijalari quyidagicha baholanadi:
- 70 balldan kam boʻlganda — “qoniqarsiz” (D);
- 70 balldan 85 ballgacha — “qoniqarli” (C);
- 85 balldan 100 ballgacha — “yaxshi” (B);
- 100 ball va undan yuqori boʻlganda — “aʼlo” (A).
Hokimlik xizmatchilariga oylik ustamalar baholash natijalari asosida prezidentning tegishli farmoniga muvofiq toʻlab beriladi.
Avvalroq hokim oʻrinbosarlari soni 6 nafardan 4 kishiga qisqartirilgani hamda KPI koʻrsatkichlariga toʻliq erishgan hokimlarga ajratiladigan mablagʻ 15 foizga oshirilishi toʻgʻrisida xabar qilingandi.








