Daryo

“Tekumse la’nati” — AQSHning bir necha prezidenti hindular sardori qarg‘ishi tufayli o‘lganmi?

Hozirda AQSHni 47-prezident Donald Tramp boshqarmoqda. Amerika tarixida jami 45 kishi mamlakat prezidenti bo‘lgan. Ulardan ikki nafari — Grover Klivlend va Donald Tramp bir muddat oralatib ikki muddat prezidentlikka saylangan. Shu sababli prezidentlar soni 45 nafar bo‘lsa ham tartib raqam 47 taga yetgan. AQSH prezidentlarining bir qismi rahbar bo‘lib turgan vaqtida vafot etgan. Rivoyatlarga ko‘ra, ular hindular sardori qarg‘ishiga uchragan.

8 daqiqa o‘qish1 860 ko‘rishlar0 izoh4

Hozirda AQSHni 47-prezident Donald Tramp boshqarmoqda. Amerika tarixida jami 45 kishi mamlakat prezidenti bo‘lgan. Ulardan ikki nafari — Grover Klivlend va Donald Tramp bir muddat oralatib ikki muddat prezidentlikka saylangan. Shu sababli prezidentlar soni 45 nafar bo‘lsa ham tartib raqam 47 taga yetgan. Qo‘shma Shtatlar prezidentlarining bir qismi rahbar bo‘lib turgan vaqtida vafot etgan. Rivoyatlarga ko‘ra, ular hindular sardori qarg‘ishiga uchragan.

Bugun AQSHdagi boshqaruv tizimi dunyoning aksar mamlakatlari uchun ideal hisoblanadi. Bunga sabab, bu mamlakatda prezidentlik muddati bor yo‘g‘i to‘rt yil. Shuningdek, bir shaxs faqat ikki muddat prezidentlik qila oladi. Ya’ni davlatni maksimum sakkiz yil boshqara oladi.

AQSHda ikki muddat prezidentlik qoidasini, garchi u yillar davomida qonun bilan belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa-da, mamlakatning birinchi rahbari Jorj Vashington boshlab bergan. Bu shaxs AQSHga 1789—1797-yillar oralig‘ida ikki muddat rahbarlik qilgan.

O‘sha vaqtda Vashington agar xohlasa, keyingi saylovlarda ham qatnashishi va g‘alaba qozongan taqdirda AQSHni boshqarishni davom ettirishi mumkin edi. Biroq u bunday qilmaydi. Shundan beri hozirga qadar ikki muddat qoidasiga AQSHga rahbarlik qilgan barcha amal qildi.

Faqat bir kishi — AQSHni 1933-yildan 1945-yilgacha boshqargan Franklin Ruzvelt bu qoidani chetlab o‘tgan. U jami to‘rt marta saylovda qatnashgan va barchasida g‘alaba qozonib, AQSHni boshqarishda davom etgan.

Franklin Ruzvelt vafotidan so‘ng uning o‘rnini egallagan vitse-prezident Garri Trumen davrida, 1947-yil 24-mart kuni AQSH konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritiladi va unda bir shaxsning faqat ikki muddat prezidentlik qila olishi mamlakat bosh qonunida belgilab qo‘yiladi. Bu qoida hatto bir muddat oralatib prezident bo‘lgan shaxslarga ham tegishli.

Masalan, AQSHning amaldagi prezidenti Tramp mamlakatni bir muddat oralatib ikki marta boshqarmoqda. Endi u keyingi prezident saylovida o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Ayrim prezidentlar qarg‘ishga uchraganmi?

AQSHni boshqargan 45 nafar shaxs turlicha taqdirga duch kelgan. Ulardan sakkiz nafari prezident vazifasini bajarib turgan paytida vafot etgan. Ayrimlar buni hindular sardorining qarg‘ishi bilan bog‘laydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qarg‘ish “Tekumse la’nati” deb ataladi va u 1800-yilda boshlangan. O‘shanda Indiana hududlari gubernatori bo‘lib ishlagan Uilyam Garrison (keyinchalik AQSH prezidenti bo‘lgan) bir qancha hindu qabilalariga tegishli yerlarni egallab oladi.

Uilyam Garrison hindularga tegishli yerlarni shunchaki bosib olmaydi, avval hindu qabilalari sardorlari bilan teng bo‘lmagan kelishuvlar imzolaydi. So‘ng bitimlarni buzib, hindularga tegishli yerlarni qo‘lga kiritadi. Qarshilik ko‘rsatgan hindu qabilalarini qirib tashlaydi.

O‘sha paytda hindularning Shauni qabilasi sardori bo‘lgan Tekumse Garrisonning ayyorlik bilan tuzayotgan kelishuvlariga qarshi chiqadi. Shundan so‘ng Garrison Tekumseni yomon ko‘rib qoladi va Shauni qabilasi yerlariga hamla qiladi. Hindular o‘z yerlarini himoya qilishga kirishishadi.

Boshqa tomondan qabila sardori Tekumse Garrison bilan muzokara o‘tkazishga urinadi. Biroq Tekumsening barcha urinishlari zoye ketadi va Garrison muzokara o‘tkazish haqidagi takliflarni rad etadi.

1811-yilda Grrison Shauni qabilasi yeriga 1 200 harbiyni yuboradi. O‘rtada jang boshlanadi va amerikalik harbiylar hindularning bir qismini qirib tashlaydi. Qolganlari qochib qutiladi. Tirik qolganlar orasida Tekumse ham bor edi.

Noiloj qolgan qabila sardori britaniyaliklar bilan ittifoq tuzadi. 1812-yilda Shauni qabilasi Britaniya armiyasi ko‘magida amerikaliklarga hujum qiladi va ular Detroytni egallashadi. Shunda inglizlar Tekumsega Britaniya armiyasi brigada generali unvonini berishadi.

Bu safar Garrison britaniyaliklar va hindularning birlashgan qo‘shiniga qarshi yirik armiyani yuboradi. 1812-yilning kuzida bo‘lib o‘tgan janglarda amerikaliklar g‘alaba qozona boshlaydi. Shunda Tekumsening yonida bo‘lgan ittifoqchilari uni tark etadi. Hindular sardori bo‘lsa kurashni davom ettiradi.

Janglarning birida Garrisonning o‘zi boshqargan amerikalik harbiylar Tekumse qo‘shinlarini yengadi va qabila sardori o‘ldiriladi. Shu bilan Shauni qabilasining qarshiligi tugaydi. Biroq Tekumse bilan bog‘liq hodisalar to‘xtamaydi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, so‘ngi jangda og‘ir yarador bo‘lgan Tekumse jon berishdan avval amerikaliklarni qattiq qarg‘aydi va la’natlaydi.

O‘shanda qarg‘ishlarga ishonmaydigan Garrison Tekumsening amerikaliklarni la’natlagani haqida xabar topib, uning ustidan kuladi. Biroq aytishlaricha sardorning qarg‘ishi va la’nati birinchi bo‘lib Garrisonga tegadi.

Garrison 1840-yilda prezidentlik saylovida g‘alaba qozonadi. Ammo unga AQSHni boshqarish nasib etmaydi. 1841-yil 4-may kuni o‘tkazilgan qasamyod marosimida Garrison shamollab qoladi va oradan bir oy o‘tgach, 4-aprelda jon beradi.

Tekumse la’nati keyin ham davom etadi va yana bir nechta prezident o‘sha qarg‘ish tufayli olamdan o‘tadi. Qarg‘ishning so‘ngi qurboni Jon Kennedi hisoblanadi. Shuningdek, Tekumse qarg‘ishiga qolgan yana bir necha prezident tasodif tufayli tirik qolgani aytiladi.

Tekumse la’nati qanchalik haqiqat yoki safsata ekani bizga qorong‘i. Biroq bugun ko‘pchilik amerikaliklar Shauni qabilasi sardorining qarg‘ishi AQSH prezidentlariga tekkan deb hisoblaydi.

Quyidagi prezidentlar va prezidentlikka nomzod bo‘lganlarga Tekumse la’nati ta’sir qilgan deb hisoblanadi:

Avraam Linkoln

Avraam Linkoln 1809-yilda kambag‘al oilada tug‘ilgan. U maktabni bitirgach, mustaqil ravishda huquqshunoslikdan dars oladi va imtihondan o‘tib, advokatlik litsenziyasiga ega bo‘ladi.

Keyinchalik Linkoln siyosatga kirib keladi va Illinoys shtatidan Vakillar palatasi a’zosi bo‘lib saylanadi. 1860-yilda prezidentlik uchun nomzodini qo‘yadi va o‘sha yili noyabr oyida o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonadi.

Linkoln saylovdan avval AQSH prezidenti bo‘lgach, mamlakatda quldorlikni batamom tugatish haqida va’da beradi. Shunda u g‘alaba qozongach, qasamyod marosimigacha mamlakat janubida joylashgan yettita shtat AQSH tarkibidan chiqqanini e’lon qiladi.

Shundan so‘ng Janub va Shimol o‘rtasida urush boshlanadi. 1865-yil 9-aprel kuni janubliklar taslim bo‘ladi. Shu tariqa AQSHning hududiy yaxlitligi saqlab qolinadi.

1865-yil 14-aprel kuni Avraam Linkolnga suiqasd uyushtiriladi. U o‘sha kuni teatrga boradi. Shunda janubliklar tarafdori bo‘lgan aktyor prezidentga qarata o‘q uzadi.

O‘q Linkolnning boshiga tegadi va u og‘ir yaralanadi. So‘ng 15-aprel kuni tongda vafot etadi. Garchi Linkoln AQSHda quldorlikni tugatib, mamlakat tarixiga o‘z nomini zarhal harflar bilan yozgan bo‘lsa-da, u ham Tekumse la’natiga uchragani aytiladi.

Jeyms Garfild

Jeyms Garfild AQSHning 20-prezidenti hisoblanadi. Hayotining asosiy qismi harbiy xizmatda o‘tgan Garfild keyinchalik katta siyosatga kirib keladi va Ogayo shtatidan Vakillar palatasiga a’zo bo‘ladi.

1880-yilda Garfil prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yadi. O‘sha yili noyabr oyida o‘tkazilgan saylovda u Uinfild Xenkokni katta farq bilan yengadi.

1881-yil 4-mart kuni Garfild qasamyod qabul qiladi va AQSHni boshqarishga kirishadi. Oradan qariyb to‘rt oy o‘tgach, 2-iyul kuni amerikalik yozuvchi Sharlem Gito Garfildga suiqasd uyushtiradi.

Oqibatda prezident og‘ir yaralanadi. So‘ng ikki oydan oshiqroq shu holda yotib, 1881-yil 19-sentyabr kuni vafot etadi. Garfildning vafotidan so‘ng uning qotili sud hukmi bilan osib o‘ldiriladi. Tekumse la’nati Garfildni ham chetlab o‘tmagani haqida gap-so‘zlar mavjud.

Uilyam Mak-Kinli

Uilyam Mak-Kinli AQSHning 25-prezidenti, 19-asrdagi so‘nggi va 20-asrdagi dastlabki rahbari hisoblanadi. Shimol va Janub o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushda qatnashgan va mayor unvonini olgan Uilyam Mak-Kinli keyinchalik siyosat bilan shug‘ullanadi.

U avvaliga Ogayo shtatidan Vakillar palatasiga a’zo bo‘lib saylanadi. So‘ng shu shtat gubernatoriga aylanadi. 1896-yilda Uilyam Mak-Kinli prezidentlik uchun o‘z nomzodini ilgari suradi va o‘sha yili noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda raqibi Uilyam Brayanni yengib chiqadi.

Uilyam Mak-Kinli AQSHga to‘rt yil rahbarlik qilgach, 1900-yilda ikkinchi marta prezidentlik saylovida qatnashadi va yana g‘olib bo‘ladi. Bu safar ham unga Uilyam Brayan raqib bo‘ladi.

1901-yil 4-mart kuni Uilyam Mak-Kinli ikkinchi muddat uchun qasamyod qabul qiladi va prezidentlikka kirishadi. Oradan qariyb olti oy o‘tgach, 1901-yil 6-sentyabr kuni Leon Cholgosh ism-sharfli shaxs Buffalo shahridagi ko‘rgazma chog‘ida Uilyam Mak-Kinliga ikki marta o‘q uzadi.

O‘qlardan biri prezidentning qulog‘i ostidan o‘tib ketadi. Ikkinchisi uni yaralaydi. Mak-Kinli 14-sentyabr kuni vafot etadi. Ayrim tarixchilar Uilyam Mak-Kinli ham hindular sardori Tekumsening tavqi la’natiga qolganini aytishadi.

Uoren Garding

Uoren Garding AQSHning 29-prezidenti hisoblanadi. U prezidentlikkacha Ogayo shtati vitse-gubernatori va gubernatori bo‘lgan.

1920-yil Garding prezidentlik uchun o‘z nomzodini ilgari suradi. O‘sha yili noyabr oyida o‘tkazilgan saylovda u raqibi Jeyms Koksni yengib chiqadi va AQSH prezidentiga aylanadi.

Garding 1923-yil yozda Alyaskaga otlanadi. Prezident u yerda bir necha kun bo‘ladi va 27-iyulda mazasi qochadi. Gardingni tekshirgan shifokorlar uning yuragida dard borligini aytishadi. Alyaska safari to‘xtatilib, prezident San Fransiskoga qaytadi.

30-iyul kuni uning isitmasi 39 darajaga ko‘tariladi. Shifokorlar tekshirib ko‘rib, Gardingda pnevmoniya boshlanganini qayd etishadi va muolaja boshlashadi.

Oradan ikki kun o‘tib, prezident yotgan xonaga kirgan xizmatkor Gardingni jonsiz holda topadi. Shifokorlar unda yurak xuruji ro‘y berganini aniqlashadi.

Garding vafot etgandan so‘ng prezident o‘z ajali bilan o‘lmagani, uni Alyaskada zaharlashgani haqida gap-so‘zlar tarqaladi. Bir qancha shaxslar, hatto Gardingning xotini ham shubha ostiga tushadi. Uoren Garding ham Tekumse qarg‘ishiga qolgani aytiladi.

Franklin Ruzvelt

Franklin Ruzvelt AQSHning 32-prezidenti hisoblanadi. U Amerika tarixda ketma-ket to‘rt marta prezidentlik saylovida qatnashib barchasida g‘alaba qozongan yagona shaxs.

1944-yil kuzda o‘tkazilgan saylovda qatnashgan Ruzvelt to‘rtinchi marta ham g‘alaba qozonadi. O‘sha paytda u 62 yoshda edi. Saylovda unga respublikachilar vakili Tomas Dyui raqiblik qiladi.

1945-yil yanvarda qasamyod qabul qilgach, u o‘ziga vitse-prezident sifatida Garri Trumenni tanlaydi. O‘sha yili Ruzveltning ish tartibi juda tig‘iz bo‘ladi.

4—11-fevral kunlarida Ruzvelt SSSRga tashrif buyuradi va Yalta konferensiyasida qatnashadi. U AQSH prezidentlari orasida birinchi bo‘lib Sovet ittifoqiga kelgan.

25-aprel kuni San Fransiskoda Birlashgan Millatlar Tashkiloti konferensiyasi o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq Ruzveltga bu konferensiyada qatnashish nasib etmaydi.

U 1945-yil 12-aprel kuni to‘satdan vafot etadi. Shifokorlar prezident miyaga qon quyilishi oqibatida jon berganini aniqlashadi. Nisbatan bevaqt vafot etgan Ruzvelt ham Tekumse la’natiga qolgani aytiladi.

Jon Kennedi

Jon Kennedi AQSHda eng yosh prezident bo‘lgan shaxs hisoblanadi. U 1960-yil kuzda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganida bor yo‘g‘i 43 yoshda bo‘lgan.

1963-yil 22-noyabr kuni Kennedi Dallas shahridagi ko‘chada o‘z korteji bilan usti ochiq limuzinda ketayotganida noma’lum shaxs unga o‘q uzadi. Oqibatda prezident yaralanadi va shifoxonada vafot etadi.

Li Xarvi Osvald ism-sharfli yigit qotillikda gumonlanib ushlanadi. Biroq ko‘p o‘tmay uni ham o‘ldirishadi. Shu tariqa, Kennedini o‘ldirishni kim buyurtma qilgani mavhumligicha qoladi.

Keyinchalik prezidentning o‘limida bir qator shaxslar gumondor bo‘lgan. Biroq ularning birontasi mahkamaga ham tortilmagan.

Kennedining 45 yoshda qotillik qurboni bo‘lishi ham uning Tekumse la’natiga qolgani bilan bog‘lanadi.

Yuqoridagilardan tashqari Ronald Reygan, Kichik Jorj Bush, Donald Tramp va yana bir qator prezidentlarga Takumse qarg‘ishi tekkani aytiladi. Ushbu materialning ikkinchi qismida suiqasdga uchragan va tirik qolgan AQSH prezidentlari haqida gaplashamiz.

Gʻayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar