Daryo

Tarixiy hujjat: O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi” bitim imzolandi

Yangi bitim 1996-yilgi kelishuv o‘rnini bosadi va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun zamonaviy huquqiy asos yaratadi. Hujjat tadbirkorlarga bojxona ishini soddalashtiradi, mamlakatga Yevropa investitsiyalari oqimini erkinlashtiradi, talabalar, mutaxassislar va tadbirkorlar uchun viza talablarini soddalashtiradi.

1 daqiqa o‘qish2 760 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni Belgiyaga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi” bitim (EPCA-Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula Fon Der Lyayen huzurida O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Yevroittifoq Komissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas tomonidan imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosimda ishtirok etgan jurnalist Aziza Qurbonova bu 2019-yildan beri faqatgina loyihasi ustida 10 ta muzokara, 150 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazilgan tarixiy hujjat ekanini ta’kidladi.

“Bu kelishuv shunchaki diplomatik hujjat emas, O‘zbekistonga Avstriyadan tortib Shvetsiyagacha bo‘lgan 27 davlat hududida Yevropa bozorlarini kengroq ochadigan, tadbirkorlarga bojxona ishini soddalashtiradigan, texnik to‘siqlarni kamaytiradigan, yurtimizga Yevropa investitsiyalari oqimini erkinlashtiradigan, talabalarimiz, mutaxassislar va tadbirkorlar uchun viza talablarini soddalashtiradigan, yoshlarimizning Yevropada o‘qishiga ko‘proq imkon yaratadigan, ta’lim, fan, sun’iy intellekt, startaplar va raqamli xavfsizlik sohalarida yangi hamkorlik eshigini ochadigan hujjat”, deb yozdi u.

Yangi bitim 1996-yilgi kelishuv o‘rnini bosadi va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun zamonaviy huquqiy asos yaratadi. Avvalgi hujjatdan farqli o‘laroq, u investitsiyalar va raqamlashtirishdan tortib barqaror rivojlanish va atrof-muhitga qadar sezilarli darajada kengroq sohalarni qamrab oladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ekspertlar fikricha, mazkur Bitim O‘zbekiston uchun Yevropa bozorlariga keng yo‘l ochib, milliy ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bitim Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlaridan foydalanishni kengaytiradi va mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini tezlashtiradi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozorlariga teng raqobat asosida chiqishi uchun huquqiy va institutsional zamin yaratadi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar