“Barselona” hujumchisi Markus Reshford “El-Klasiko” oldidan jamoasining holati haqida fikr bildirdi. Uning fikricha, ayni paytda kataloniyaliklar yaxshi sport formasida emas, biroq “Real”ga qarshi bahsda eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatadi.
“Hozir ‘Barselona’ yaxshi sport formasida emas, ammo shunga qaramay, yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. O‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etish uchun ishlashda davom etishimiz kerak. Agar ‘Real’ni mag‘lub eta olsak, dunyoning eng kuchli jamoalaridan biriga ekanligimizni isbotlagan bo‘lamiz.
Ijobiy kayfiyatni saqlab qolish muhim. Buni amalga oshirishning eng yaxshi yo‘li — ‘Olimpiakos’ (6:1) ustidan yirik g‘alaba qozonish edi. Biz buni uddaladik. Endi bor e’tiborni ‘Real Madrid’ga qarshi bahsga qaratamiz”, dedi angliyalik hujumchi.
Ma’lumot uchunm La Liga 10-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” — “Barselona” uchrashuvi 26-oktyabr, yakshanba kuni “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadi. Hozirda “qirollik klubi” 24 ochko bilan chempionat turnir jadvalida 1-o‘rinni egallab turibdi. 22 ochkosi bor “Barselona” esa 2-pog‘onadan joy olgan.








