Daryo

Netanyaxu G‘azoga Turkiya harbiylarining kiritilish ehtimolini inkor etdi

Isroil bosh vaziri mazkur fikrini Quddusda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bildirdi. Ular G‘azodagi urushdan keyingi vaziyatni, xususan, sektor xavfsizligini muhokama qildi.

1 daqiqa o‘qish1 422 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 22-oktyabr kuni G‘azo sektorida Turkiya xavfsizlik kuchlari ishtirokidagi har qanday missiyaga qarshi ekani haqida ishora qildi. Bu fikrni u Quddusda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bildirdi.

Uchrashuvda G‘azodagi urushdan keyingi vaziyat, jumladan, hudud xavfsizligini kim ta’minlashi muhokama qilingan. Netanyaxu bu masalada kuchli fikrga ega ekanini aytib, Turkiya kuchlarining ishtirokiga qarshiligini yashirmagan:

“Bu borada birgalikda qaror qilamiz. Ammo men bu masalada qat’iy fikrdaman”, degan u.

O‘z navbatida, AQSH vitse-prezidenti Vens Tramp ma’muriyatining sulh rejasini ijobiy baholab, sulh kutilganidan yaxshiroq o‘tayotganini ta’kidlagan.

“Men hech qachon bu oson bo‘ladi demaganman. Lekin umid bor: bu sulh barqaror saqlanadi va biz butun Yaqin Sharqda yaxshiroq kelajak qurishimiz mumkin”, degan u.

Tramp rejasining keyingi bosqichi HAMASning qurolsizlantirilishini va G‘azoga xalqafo xavfsizlik kuchlariningh joylashtirilishidir. Turkiya esa, ushbu rejani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan. Anqara HAMASni sulhga ko‘ndirishda muhim rol o‘ynagan va agar kerak bo‘lsa, xalqaro kuchlar tarkibida harbiy yoki fuqarolik shaklida ishtirok etishga tayyorligini ochiqlagan.



Ilgari biroz ijobiy bo‘lgan Turkiya–Isroil munosabatlari G‘azodagi urush fonida yomonlashgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroilning G‘azodagi va boshqa mintaqalardagi hujumlarini qattiq tanqid qilib keladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar