Daryo

“Oq uyda Trampdan boshqa hech kim Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlamayapti” — Axios

Isroil bosh vaziri AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio, Trampning kuyovi Jared Kushner, AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Oq uy apparati rahbari Syuzi Uaylsning qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lgan.

1 daqiqa o‘qish4 775 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH ma’muriyatining prezident Donald Trampdan tashqari barcha asosiy a’zolari qo‘llab-quvvatlashini yo‘qotgan. Bu haqda Axios portali Oq uyning nomi oshkor qilinmagan amaldoriga tayanib xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra Isroil hukumati rahbari Tramp bilan 29-dekabr kuni Floridadagi Mar-a-Lago mulkida uchrashishi rejalashtirilgan.

“Netanyaxu ularni yo‘qotdi. Uning ixtiyorida qolgan yagona odam - prezident, u hali ham unga xayrixoh, ammo hatto Tramp ham G‘azo bo‘yicha kelishuv hozirgi sur’atdan tezroq rivojlanishini istayapti”, deya bildirgan Oq uy amaldori.

​Uning fikricha, Isroil bosh vaziri AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio, Trampning kuyovi Jared Kushner, AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Oq uy apparati rahbari Syuzi Uaylsning qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lgan.

“O‘z navbatida, Tramp va uning jamoasi Netanyaxuni AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish bilan bog‘lab, harbiy ritorikadan voz kechishga chaqirmoqchi”, deya yozmoqda portal.

​Noyabr oyi o‘rtalarida BMT Xavfsizlik kengashi Trampning G‘azo sektoridagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha keng qamrovli rejasini qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani ma’qulladi. Kengashning 15 a’zosidan 13 nafari qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va Xitoy betaraf qoldi. AQSHning G‘azo bo‘yicha rejasida G‘azo sektorini vaqtinchalik xalqaro boshqarish va Tramp raisligida “tinchlik kengashi” tuzish taklif qilinmoqda. Shuningdek, xalqaro barqarorlashtirish kuchlarining kuch mandati ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular Isroil va Misr bilan hamkorlikda joylashtirilishi kerak. Tinchlikparvar kuchlar tarkibi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Ommaviy axborot vositalari tomonlarning pozitsiyasi va o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini buzganlikda o‘zaro ayblovlar tufayli Tramp rejasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish kechikayotgani haqida xabar bergan edi. Sky News Arabia telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, arab davlatlari, Turkiya, Isroil va AQSH G‘azo sektori bo‘yicha kelishuvning ikkinchi bosqichini amalga oshirishni boshlash uchun yana bir sammit o‘tkazishi mumkin.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar