Daryo

O‘zbekistonning sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmi 10 mlrd dollarga baholandi

Shavkat Mirziyoyev vazirlar, hokimlar, tarmoq rahbarlari haftada bir kunini shu sohani rivojlantirishga ajratishi shartligini aytdi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga ham sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

2 daqiqa o‘qish1 880 ko‘rishlar0 izoh0

Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 10 mlrd dollarga baholadi. Bu haqda 21-oktyabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Bunday texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratilganini aytdi. Bir yilda O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqorilaganini (dunyoda 70-o‘rin, Markaziy Osiyoda 1-o‘rin)ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2030-yilda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Lekin xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buning uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi yanada ko‘p ishlashi, vazirlar, hokimlar, tarmoq rahbarlari esa haftada bir kunini shu sohani rivojlantirishga ajratishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sun’iy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qo‘shayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi”, dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Masalan, tarmoqlardagi ko‘plab korxonalar biznes jarayonlarini raqamlashtirib, xarajatlarini 10 foizgacha kamaytirayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt ham joriy etilsa, samaradorlik yanada oshishi ta’kidlandi.

Adliya, soliq idoralari sun’iy intellekt yordamida 24/7 rejimida onlayn maslahat tizimini ishga tushirdi. Bojxona qo‘mitasi sun’iy intellekt orqali xavfni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Geologiyada ham sun’iy intellekt yordamida videotahlil tizimini yo‘lga qo‘yib, rudadan olinadigan metall hajmini 1-2 foizga oshirish bo‘yicha loyiha tayyorlanmoqda. Bu birgina mis qazib olishning o‘zidan yiliga 20 million dollar qo‘shimcha daromad keltiradi.

Urganch shahrida sun’iy intellekt asosida “Aqlli shahar tizimi” ishga tushirildi. Situatsion markaz tashkil qilinib, elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish, chiqindi korxonalari yagona tizimga ulangan. Har bir yo‘nalishdan kelib tushayotgan murojaatlarni sun’iy intellekt asosida tahlil qilib, tezkor kompleks yechim berish yo‘lga qo‘yilgan. Bularning hisobidan yiliga 16 milliard so‘m tejalmoqda.

Viloyat markazlari va poytaxt tumanlarining barcha hokimlariga Urganchdagi yangi tajribani o‘rganib, yil yakunigacha o‘zida joriy qilish topshirildi. Boshqa vazirlik va idoralar rahbarlariga ham sohaning ichiga kirib, sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar