Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius “Rossiya tomonidan kuchayib borayotgan tahdidlar” sharoitida NATO bo‘yicha shimoliy ittifoqchilar bilan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi. Bu haqda siyosatchiga tayanib, ntv xabar berdi.
“Putin Arktikani qayta harbiylashtirmoqda. Rossiyaning shimoliy floti NATO ittifoqchilari o‘rtasidagi aloqa va transport yo‘llari uchun potensial xavf tug‘dirmoqda”, dedi Pistorius.
Vazirning ta’kidlashicha, Moskva yadroviy qurol bilan jihozlangan suvosti kemalari yordamida Yevropadagi nishonlarga zarba berish imkoniyatiga ega.
“Biz ushbu potensial tahdidga Kanada ham ishtirok etayotgan dengiz xavfsizligi sohasidagi mustahkam hamkorlik bilan javob beramiz”, dedi Pistorius.
U kelajakda yanada yaqinroq hamkorlik uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
“Bu — vaziyatni birgalikda baholash, harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish hamda yagona xizmat va logistika tizimiga ega qo‘shma mudofaa loyihalarini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi”, dedi siyosatchi.
Germaniya mudofaa vaziri barcha yosh yigitlarni harbiy ko‘rikdan o‘tkazishni Rossiyaga qarshi “ogohlantiruvchi signal” sifatida baholadi.
“Biz barcha erkaklarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazsak va ularning harbiy xizmatga yaroqliligi haqidagi ma’lumotlarni yig‘sak, bu Rossiyada ham seziladi. Boshqacha aytganda, bu ham to‘sqinlik qiluvchi omildir”, deya xulosa qildi u.
Iyunda mudofaa vaziri Boris Pistorius qurolli kuchlar soni zaxiralar bilan qo‘shib hisoblaganda 460 ming kishiga yetkazilishini aytdi. Hozir Germaniya armiyasida 183 mingga yaqin faol harbiy xizmatchi bor.
Germaniya harbiy byudjetini rekord darajada oshiradi
2024-yilda Germaniya armiya uchun qurol sotib olishga 31 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflagan. Jami 12 mingga yaqin shartnoma tuzilgan, havo hujumidan mudofaa vositalari va o‘q-dorilar ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan. Germaniya hukumati Rossiyaning ehtimoliy hujumi munosabati bilan yillik mudofaa byudjetini hozirgi 86 milliarddan 162 milliard yevroga oshiradi.
Hukumatning yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, bu miqdorga 2029-yilgacha bosqichma-bosqich erishiladi. Jumladan:
- 2026-yilda harbiy xarajatlar 118 milliard yevroga,
- 2027-yilda 130 milliard yevroga,
- 2028-yilda esa 146 milliard yevroga yetishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu mablag‘dan har yili 9 milliard yevro Ukraina uchun Rossiyaga qarshi kurashda yordam sifatida ajratiladi. Hozirda Germaniya mudofaaga yalpi ichki mahsulotning 2 foizini sarflamoqda. Agar summani deyarli ikki baravar oshirishni hisobga olsa, yangi ko‘rsatkich YIMning 4 foiziga teng bo‘ladi.








