Daryo

Kuz oqshomlarida tomosha qilish uchun biroz unutilgan, ammo hanuz sevimli filmlar (treyler) 

“Mona Liza tabassumi” filmida bosh qahramon jamiyatda ayollarning o‘rni ahamiyatli ekanini tushuntiradi va talabalarining dunyoqarashini o‘zgartirib yuboradi

3 daqiqa o‘qish109 667 ko‘rishlar0 izoh1

Bugungi ro‘yxatda yangi va trenddagi filmlarni topmasligingiz mumkin, lekin mazkur filmlarning har biri sizni qayta va qaytda tomosha qilishga ilhomlantiradi, kuzning salqin kunlarida o‘ziga xos kayfiyat bag‘ishlaydi.

“Mona Liza tabassumi” filmidan lavha
Foto: Dzen

“Garri Salli bilan uchrashganda” (1989)

Garri va Salli Nyu Yorkka tanishib qoladi, so‘ng taqdir taqozosi bilan ularning yo‘llari ajraladi. Ikki do‘st bir necha yil o‘tgach yana uchrashadi — ular samolyotda birgalikda uchadi. Oradan bir necha yil o‘tadi va ular yana tasodifan do‘konda to‘qnash kelishadi. Bu safar qahramonlar ancha o‘zgaradi. Garri turmush qurishga va ajrashishga ulgurgan, Salli esa baxtsiz sevgidan azob chekar edi. Shu kundan ikkisi qayta do‘st bo‘lishga qaror qiladi. Vaqt o‘tishi bilan qahramonlar orasidagi bog‘liqlik shunchaki do‘stlik emas, balki kuchliroq rishta ekanligini tushuna boshlaydilar.

“Sizga maktub” (1998)

Jo Foks va Ketlin Kelli Manhettenda yashaydi va Internet orqali anonim ravishda bir-biriga xatlar yozadi. Ular faqatgina tarmoqda do‘st bo‘lsa-da, hayotda bir-birini ko‘rishga ulgurgan. Buning ustiga, ikkisi aslida bir-biriga raqobatchi bo‘lgan va bir rayonda joylashgan kitob do‘konlari egalari bo‘ladi.

“Zakovatli Uill Hanting” (1997)

Bosh qahramon Massachusets texnologiya institutida farrosh bo‘lib ishlaydigan yosh yigit Uill Hantingdir. Kunlarning birida universitet professorlaridan biri talabalar uchun doskaga juda qiyin masala qoldiradi hamda uni yechish va o‘zini sinab ko‘rishga barchani taklif qiladi. Ammo faqatgina farrosh Uill ushbu masalani yecha oladi.

“O‘lik shoirlar jamiyati” (1989)

Jon Kiting o‘g‘il bolalar maktab-internatiga ishga kelgan o‘rindosh o‘qituvchi. O‘smirlar tezda yangi o‘qituvchiga o‘rganib qoladi. Kiting ularga ayni damdan zavqlanib yashash g‘oyasini targ‘ib qiladi, bu esa o‘quvchilarning ota-onalariga yoqmaydi. Tez orada sevimli mashg‘ulot sifatida ochilgan to‘garak yashirin jamiyatga aylanadi va o‘qituvchi katta muammolarga duch kela boshlaydi.

“Nyu Yorkdagi kuz” (2000)

Uill Keyn doim ayollar e’tiborida bo‘lishga o‘rganib qolgan erkak. U muvaffaqiyatli, kelishgan va boy, ammo uning barcha munosabatlari ajralish bilan tugaydi. Quvnoq Sharlotta bilan uchrashganda esa hammasi o‘zgaradi. Avvaliga Uill uni tentakroq deb o‘ylab, ayol bilan beparvo munosabatda bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay, qahramon Sharlottaning og‘ir kasal ekanligini, uning bir yilgina umri qolganini bilib qoladi.

“Mona Liza tabassumi” (2003)

Film voqealari 1950-yillarda sodir bo‘ladi. Ketrin Enn Uotson xususiy kollejda ayollarga san’at tarixidan dars bera boshlaydi. Biroq u darhol atrofidagilarning qarshiligiga duch keladi, chunki talabalar va hamkasblari patriarxal qarashlarga ega edi. Bosh qahramon bosqichma-bosqich talabalarining dunyoqarashini o‘zgartirishga harakat qiladi, jamiyatda ayollarning o‘rni ahamiyatli ekanini tushuntirib beradi.

“Farahli noyabr” (2001)

Nelson Moss ismli tadbirkor karyerasi uchun shaxsiy hayotini qurbon qiladigan reklama agenti bo‘lib ishlaydi. Kunlarning birida u shu paytgacha uchratgan hech qaysi ayolga o‘xshamaydigan Sara bilan tanishib qoladi. Ularning tasodifiy tanishuvi yana bir nechta uchrashuvlar bilan davom etadi. Quvnoq Sara Nelsonning hayotini tubdan o‘zgartiradi va Nelsonga hayotni va undan qanday zavqlanish kerakligini ko‘rsatadi. Biroq ajoyib sevgi haqidagi hikoya fojiali yakunlanadi.

Foto: Dzen

“O‘gay ona” (1998)

Bosh qahramon ikki farzandi bilan ajrashgan erkakka turmushga chiqadi va uning jiddiy kasal bo‘lgan sobiq xotini bilan til topishishga harakat qiladi.

“Amaliy sehr” (1998)

Foto: Dzen

Ouenslar xonadoni haqida doim turli mish-mishlar yuradi: uy egalari opa-singil jodugar bo‘lib, o‘zlariga yoqqan har qanday insonni o‘limga mahkum qiladi. Ammo aslida ikki go‘zal qiz shunchaki o‘z baxtini topishni istaydi.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar